Talaba yoshlar bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazmoqda
Andijon davlat universitetida talaba yoshlarning ijodiy, intellektual va sport sohalaridagi salohiyatini namoyon etish, o‘zaro hamjihatlik va sog‘lom raqobat muhitini mustahkamlash hamda ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida “Talaba FEST” festivali bo‘lib o‘tdi.
Festival viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan faol va tashabbuskor yoshlarni birlashtirgan muhim muloqot maydoniga aylandi. Xususan, festival doirasidagi ijodiy uchrashuvlar, innovatsion loyihalar ko‘rgazmalari, sport musobaqalari, adabiy kecha, intellektual o‘yinlar hamda madaniy-ko‘ngilochar dasturlar har bir ishtirokchida unutilmas taassurot qoldirdi.

Mazkur tadbirlar ishtirokchilarga o‘zlarining iste’dod, iqtidor, bilim va tashabbuslarini namoyon qilish, ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini keng jamoatchilikka taqdim etish imkonini berdi.

– Festival doirasidagi ijodkor yoshlar mushoirasi juda mazmunli va qiziqarli o‘tdi. Turli oliy o‘quv yurtlaridagi tengdoshlarimiz ijodi bilan yaqindan tanishdik, ijod borasida fikrlashdik, bir-birimizdan tajriba o‘rgandik, – deydi Andijon davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi Husnidaxon Madaminova.

Tadbirlar davomida talabalar o‘zaro tajriba almashdi, yangi-yangi taklif, fikr va g‘oyalari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, o‘zaro do‘stlik hamda kelgusidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldi.

“Talaba FEST” festivali yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bilan birga, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, sardorlik fazilatlari hamda ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri.