Talaba qiz nega pichoqlandi?
Jurnalist surishtiruvi
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi davlat universiteti hovlisida bir yigit tomonidan bir qiz pichoqlangani haqidagi xabarlar ikki kundirki jamoatchilikning keskin muhokamasiga sabab bo‘lmoqda.
Xo‘sh, aslida bu voqea qanday yuz berdi, nima sababdan kuppa-kunduz kuni oliy o‘quv yurti hovlisida, ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida yigit qizni pichoqladi?
Holatga oydinlik kiritish maqsadida voqea joyida bo‘lib, universitetda tegishli mas’ul tashkilotlar ishtirokida o‘tkazilgan muhokamada qatnashdik.
Qiz universitetning bitiruvchi kurs talabasi bo‘lib, pichoqlagan yigit bilan uch yil oldin mahalliy odatga ko‘ra unashtirilgan. Lekin vaqt o‘tishi bilan yigitning qizga nisbatan rashki tufayli tazyiqlari kuchayib borgan. O‘zaro janjallar ularning ota-onalariga ham sezila boshlagan. Oqibatda qiz yigitga turmushga chiqishdan bosh tortgan. Shu tufayli yigitning qizga nisbatan adovati ortgan. Kunda- kunora telefon orqali bog‘lanib, qizga ruhiy bosim o‘tkaza boshlagan. Bundan qo‘rqqan qiz oxirgi imtihonlarga otasi bilan birga kelib- ketgan. Buni muhokama jarayonida qizning otasi ham tasdiqladi.
– Yigit doimiy ravishda qizimga tazyiq o‘tkazib kelgan. Biz buni bir oy oldin bilib qoldik. Keyin bergan narsalarini qaytardik, – deydi qizning otasi. – U qizimga o‘qishi qiziqtirmasligini, keyinchalik o‘qitmasligini, ishlatmasligini ham aytgan. Bu holatda qizimni unga bermayman, dedim. U bolaga yaxshilikcha tushuntirganman. Oxirgi marta kelganda ham “O‘g‘lim, qiz bola xohlamagandan keyin endi foydasi yo‘q” dedim. Keyin u poylab yurib shu ishni qilgan. Oxirgi sessiyalarini yopguncha o‘zim olib kelib, o‘zim olib ketganman. Boshidan ham to‘yga rozi bo‘lmaganman.
Jinoyat sodir bo‘lgan kuni qizning oxirgi imtihoni edi va u yolg‘iz kelgan. Fursatdan foydalangan yigit ertalab universitet hovlisida qizni tutib oladi va u bilan tortishib qoladi. Tortishuv jarayonida yigit qizni haqoratlab, barsetida olib yurgan pichog‘ini bir necha marta qizning qorin sohasiga sanchadi. Kutilmagan bu holatga guvoh bo‘lgan atrofdagilar yigitni zararsizlantirishga harakat qiladi. Yigit esa atrofdagilarga ham pichoq o‘qtalib yuguradi. Bu orada o‘ziga ham xanjarni sanchadi. Nihoyat ko‘pchilik bo‘lib, uni qo‘lga olishadi va ichki ishlar xodimlariga topshirishadi.
– Uch yil oldin ikki marta borganmiz sovchilikka. Men Rossiyada ishlayman, hozir kuchim bor, to‘yni qilaylik, dedim, – deydi yigitning otasi. – Otasi hali qizimni o‘qitishim kerak. Hozir berib yuborsam, keyin o‘qitmaysizlar, dedi. Uylanadigan bo‘lsang, qizni rozi qil, otasi rozi bo‘lmayapti, olib beraman deganman. O‘tgan yili ham gaplashganmiz. Otasi ayollarni jo‘natinglar, degan. Ayollarni jo‘natganmiz, dasturxonni olib qolgan. Bir oy oldin esa qaytarib berib ketgan. Qizning otasiga nega bunday qilyapsan, deganimda “Bilmayman bular ikkalasi tortishib qolibdi, to‘y bo‘lmaydi” deb aytib ketgan. Qolganini bilmayman. O‘sha kuni ham ishga erta chiqib ketganman. Soat 10 lardan o‘tib xabar keldi.
Bu holatga guvoh bo‘lgan universitet prorektori Oybek Qo‘ziyev holatni shunday izohladi. – Kuni kecha universitetimizda sodir bo‘lgan holat juda achinarli. Bundan hammamiz xulosa chiqarishimiz kerak, – deydi Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Oybek Qo‘ziyev. – Voqea jarayonida o‘sha yerda edim. Talaba qizimizga tajovuz qilgan o‘sha yigitni zararsizlantirishda bevosita o‘zim ham ishtirok etdim. Talaba qizimizni tezda shifoxonaga yetkazdik. Eng yaxshi tomoni, o‘sha paytda atrofda odamlarning ko‘pligi talaba qizning hayoti saqlab qolinishi va shifoxonaga tezda yetkazilishiga sabab bo‘ldi. Yigit ushlanib, tegishli organlarga yetkazildi. Albatta, talabalarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida barcha chora-tadbirlarni ko‘rganmiz. Ikki nafar profilaktika inspektori faoliyat olib bormoqda universitetimizda. Har bitta fakultetlardagi 1-3 kurs talabalariga 120-150 nafar talabaga biriktirilgan tyutorlar bor.
Lekin, eng achinarlisi, universitetimizning ikkita katta darvozasi shahardagi 4 ta mahallani bog‘lab turadigan asosiy yo‘l hisoblanadi va har kuni ikki ming nafardan ortiq aholi qatnaydi bu yerdan. Bugungi kunda bizga katta xavf tug‘dirayotgan asosiy omillardan biri shu.
Albatta, sodir etilgan jinoyat holati bo‘yicha tahlil olib boramiz. Qizimiz juda ijobiy salohiyatga ega talaba hisoblangan. Bundan tegishli xulosalarni chiqaramiz, xavfsizlik choralarini yanada kuchaytiramiz.
Jinoyat muhokamasida jabrlovchi va jabrlanuvchining ota-onalari, mahalla yettiligining ham fikrlari tinglandi. Anglashilgan xulosa shuki, yigit haqidagi xulosalar salbiy bo‘ldi. U sodir etgan xatti-harakat ham uning tarbiyasida qusur borligini ko‘rsatib turibdi.
Shukrki, talaba qizga ko‘rsatilgan tibbiy muolajalar natijasida uning hayoti saqlab qolingan.
Bunga izoh olish uchun Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy-amaliy markazi Qashqadaryo filialiga bordik.
– Joriy yilning 22 iyun kuni soat 9 lar atrofida bizga ikkita bemor olib kelishdi. Ularning ahvoli og‘ir bo‘lgani uchun ko‘rsatma bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri jarrohlik xonasiga olindi, – deydi direktorning davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sayfulla Maxmatmo‘minov. – Kerakli tekshiruvlar o‘tkazilib, jarohatlari tikildi. Hozirgi kunda bemorlarimizning ahvoli yaxshi. Qiz bola jonlantirish bo‘limida, yigit esa xirurgiya bo‘limida davolanyapti.
Ushbu voqea yuzasidan viloyat prokuraturasi quyidagicha rasmiy munosabat ham berdi.
“Joriy yilning 22 iyun kuni soat 08:30 larda fuqaro M.E o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan Qarshi davlat universiteti talabasi fuqaro S.T. bilan universitet hududida o‘zaro janjallashib, S.T.ning tanasining turli sohalariga o‘zi bilan olib kelgan pichoqni 8 marotaba sanchib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Shundan so‘ng fuqaro M.E. o‘zining qorin bo‘shlig‘iga pichoq sanchib, o‘ziga-o‘zi tan jarohati yetkazgan.
Holat yuzasidan 22.06.2024 yilda Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan fuqaro M.E.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 25, 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jabrlanuvchi hozir shifoxonada tibbiyot xodimlari nazorati ostida davolanmoqda.
Gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.
Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari shahar prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda”.
Xulosa shuki, inson jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. U ulg‘ayar ekan, oiladagi, mahalladagi, ta’lim muassasasidagi va, boringki, uning atrofidagi muhit o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shu bois yoshlarimiz tarbiyasida o‘ta hushyor va e’tiborli bo‘lishimiz shart. Yo‘qsa, uning oqibati barchaning dilini vayron qilishi hech gap emas.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri