TAHLIL: O‘zbekiston telekom bozori qanday rivojlanmoqda?
O‘zbekistonda telekommunikatsiya sohasi so‘nggi yillarda jadal sur’atlar bilan rivojlanib, nafaqat ichki bozor ehtiyojlarini qondirmoqda, balki Markaziy Osiyoda yetakchilik qilmoqda. Internet xizmatlari, mobil aloqa va raqamli yechimlarga bo‘lgan talabning ortishi, shuningdek, infratuzilmaga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar sohaning barqaror o‘sishini ta’minlayapti.
Ahamiyatlisi, xalqaro tahlillar ham O‘zbekiston telekom bozorining yuqori sur’atlarda o‘sib borayotganini tasdiqlamoqda.
Bu haqda “Nexign” bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Sergey Karpov quyidagilarni ma’lum qildi:
– Hozirgi kunda internet infratuzilmasini kengaytirish, mobil aloqa sifatini oshirish va raqamli xizmatlarni joriy etish natijasida iqtisodiyotning barcha sohalariga zamonaviy texnologiyalar kirib bormoqda. Bu esa davlat boshqaruvi, ta’lim, bank-moliya va xizmat ko‘rsatish tizimlarining samaradorligini oshirishga xizmat qilyapti.
Raqamlarga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston telekom bozori 18,3 foizga o‘sib, 24,9 trillion so‘mga yetdi. Rivojlanish sur’ati qo‘shni mamlakatlarga nisbatan ancha yuqori bo‘lib (Qozog‘iston - 11,8%, Qirg‘iziston-8,1%), jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan (2,5%) qariyb yetti barobar yuqori natijani ko‘rsatdi.
“Nexign” kompaniyasi va “TelecomDaily” axborot-tahliliy agentligi o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, bozor barqaror ikki xonali o‘sish dinamikasini namoyon etmoqda. Xususan, 2024-yilda telekom xizmatlar hajmi 19,2 foizga oshgan bo‘lsa, 2025-yilda 18,3 foizga o‘sib, 24 trillion 873 milliard so‘mga yetgan. Bozor dinamikasi asosan internet-trafik va raqamli servislarga bo‘lgan talabning keskin ortishi hamda mobil va statsionar tarmoqlarga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar hisobiga shakllanmoqda.
Hozirgi kunda operatorlar daromadlarining asosiy qismi internet va mobil aloqa hissasiga to‘g‘ri keladi. Mobil aloqa (30%) va internet xizmatlari (51%) bozorning yetakchi segmentlari hisoblanadi. Shu bilan birga, B2B va B2G yo‘nalishidagi raqamli va IT-servislar - bulutli yechimlar, VPN hamda raqamlashtirish xizmatlari ham tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mobil aloqa segmentida 4G texnologiyasi aholining 95-98 foizini qamrab olgan holda yetakchi o‘rinni saqlab qolmoqda. 2025-yilda video-kontent, ijtimoiy tarmoqlar, onlayn o‘yinlar va fintex xizmatlari hisobiga mobil internet iste’moli rekord darajada o‘sdi. Bu esa operatorlarni infratuzilmani modernizatsiya qilish va tarmoq sig‘imini kengaytirishga undamoqda. Shu bilan birga, yirik operatorlar 5G tarmoqlarini joriy etish bo‘yicha sinovlarni faol davom ettirmoqda.
Bozorning jadal o‘sishi katta investitsiyalarni talab etmoqda. Shu sabab operatorlar LTE-Advanced tarmoqlarini rivojlantirish, 5G infratuzilmasini shakllantirish va yangi uskunalar xarid qilishga yirik mablag‘ yo‘naltirmoqda. Bunga javoban kompaniyalar xizmatlarni paketlash, qo‘shimcha raqamli servislarni joriy etish va yangi biznes modellarni ishlab chiqish orqali daromadlarni oshirishga harakat qilmoqda.
Sohadagi islohotlar ham bozor rivojida muhim rol o‘ynamoqda. Yangi “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi qonun, soliq imtiyozlari va “Raqamli O‘zbekiston - 2030” dasturi doirasida optik-tolali internet tarmoqlari kengaymoqda, raqamli xizmatlar qamrovi esa tobora ortib bormoqda.
Mutaxassislar prognoziga ko‘ra, yaqin yillarda ham ushbu ijobiy dinamika saqlanib qoladi. 2026-2028-yillarda bozor o‘rtacha yillik 12 foizga o‘sib, 2028-yilga borib 35 trillion so‘mga yetishi kutilmoqda. Shuningdek, 5G tarmoqlari Toshkentdan tashqariga chiqib, Samarqand, Buxoro, Namangan va Farg‘ona kabi yirik shaharlarda ham joriy etiladi.
Umuman olganda, telekommunikatsiya sohasi O‘zbekiston iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan tarmoqlaridan biriga aylanib, mamlakatning raqamli transformatsiyasida strategik ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.