Tafakkur qilish fursati...
Hozir atrofimizda virus dahshati kezmoqda. Haligacha unga davo topilmadi. Insoniyat hamon ojiz...
Daryolarni loyqalatgan, oʻrmonlarni, bogʻlarni choʻlga aylantirgan, havoni bulgʻagan, hayvonotu nabotot olamiga katta zahmat yetkazgan, oʻzaro nizolar chiqarib, qirgʻinbarotlar qilgan, ochkoʻzlik, manmanlik va xudbinlikni kasb qilib olgan, faqat oʻz manfaatini oʻylaydigan – biz. Oldimizdagi neʼmatu davlatga shukr qilmasdan, isrofgarchilikka, dabdabaga, kimoʻzarga yoʻl qoʻygan, kechirimli boʻlishni unutgan adovatchi, mansab yoki boyligimiz bilan kerilib, qimmatbaho kiyimlar ichiga berkingan, ayshu ishratga gʻarq boʻlgan, insoniylik qiyofani yoʻqotgan – oʻzimiz. Kimmiz, qayerdan keldik, qayon ketmoqdamiz? Bu haqda tafakkur qilishni esdan chiqargan ham odam avlodlari boʻldi...
Hozir atrofimizda virus dahshati kezmoqda. Haligacha unga davo topilmadi. Insoniyat hamon ojiz...
Shunday chogʻ kishi mushohadaga beriladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev har bir yigʻilishida, har bir murojaatida bu kasallikning naqadar ogʻirligi, xalqimiz hayoti uchun nechogʻlik xavfliligi, shu bois sabru matonat, pokizalik va qanoat, yuksak madaniyat, maʼrifat bilan ish tutishimiz kerakligi, ham oʻzimizni, ham yaqinlarimizni, ham jamiyat ahlini ushbu kasallikdan ehtiyot qilishimiz, unga qarshi bir tanu bir jon boʻlib kurashish chora-tadbirlarini koʻrishimiz zarurligini bot-bot taʼkidlamoqda. Vaziyatdan kelib chiqib farmonlar, qarorlar qabul qilindi.
Uydagi tasavvurlarimdan shunday xulosaga keldimki, shu kunlarda Oʻzbekistonda kasb-hunar egalari, ijodkorlar, umuman, oʻzini anglagan odam borki, barcha uy sharoitida, oila bagʻrida istirohat qilish bilan birga ijod ham qilmoqda. Nazarimda, butun Oʻzbekiston xalqi ijodkordek: har bir inson oʻzi va jamiyat uchun goʻzal va kerakli boʻlgan narsalar yaratish bilan band. Shaxsan men Oʻzbekistonda va dunyoda kechayotgan voqealardan xabardor boʻlib turdim, sevimli filmlarimni tomosha qildim, kitob mutolaasi va ijod bilan shugʻullandim, ilmiy, ommabop maqolalar yozdim, boshlagan ilmiy-tadqiqot ishlarimni yakuniga yetkazdim, sheʼrlar bitdim...
Qalbimizda esa zoʻr bir taskin bor: Prezidentimiz ishonchi, jonkuyarligi, davlatimiz qudrati, xalqimiz birdamligi... Eng muhimi biz ota-bobolarimizga xos jomardlik feʼlimizni koʻrsata olyapmiz. Bu birgina “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatining tez kunda mamlakat boʻylab qoʻr olganida yana bir bor namoyon boʻldi.
Muborak Ramazon oyida yashayapmiz. Xalqimiz ehtiyojmand va muhtoj oilalarga yordam koʻrsatishda yana ham faol boʻlgan. Bu ham qalblarimizga taskin, koʻzlarimizga nur va surur, yuzlarimizga yorugʻlik bagʻishlaydi.
Ha, ezgulik, yaxshilik, goʻzal xulqu atvor va amallar, mehru muhabbat va xayru saxovat naqadar yaxshi, naqadar goʻzal! Bular ichida yotgan gʻuj-gʻuj savobu rahmatlarning hisobiga, jannat iforlarining adogʻiga yetib boʻladimi? Bir oʻylab koʻring: kishiga ehson qildingiz yoki yaxshilik koʻrsatdingiz, mayli, bu yaxshilik arzimagan (masalan, yoʻlni qidirib yurgan kishiga qaysi tomonga borishni koʻrsatdingiz) boʻlsin, lekin bundan koʻngliingiz qanchalik ravshan tortadi, oʻzingizda ruhiy yengillik, xotirjamlik tuyasiz, kimgadir foydangiz tekkanidan quvonasiz. Ehson qilingan kishi ham oʻziga koʻrsatilgan yaxshilikdan mamnun boʻladi, sizga nisbatan koʻnglida mehr va minnatdorlik hissi uygʻonadi, agar sizdan xafa boʻlib qolgan boʻlsa, unutadi, unda ham birovga yaxshilik qilish tuygʻusini harakatga keltiradi. Shunday qilib, ezgulik zanjirli davom etib ketaveradi.
Pirovardida, jamiyatda tinchlik-totuvlik, oʻzaro hurmat-ehtirom muhiti yuzaga keladi, kelishmovchiliklar, ixtiloflar, begonasirashlar, dushmanliklar barham topadi, farogʻatli hayot barqaror boʻladi.
Parvardigorning irodasi boʻlmasa, shoxdagi yaproq ham, yer ostidagi qurt-qumursqa ham qimirlamaydi... Bas, shunday ekan, dard bergan shifosini ham albatta beradi. Prezidentimiz aytganidek, buni faqat va faqat sabr-qanoat, matonat bilan yengishimiz mumkin. Bu sinovlardan ham sogʻ-salomat oʻtib olamiz, inshaalloh.
Jaʼfar XOLMOʻMINOV
Oʻzbekiston Tojik milliy madaniy markaz raisi