Taekvondochilarimizning tarixiy g‘alabasi
Taekvondochilarimiz Janubiy Koreyada o‘tgan qit’a chempionatida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallab, tarixiy g‘alabaga erishdi.
Bugun, 27 iyun kuni Janubiy Koreyaning Chunchon shahrida taekvondo bo‘yicha to‘rt kun davom etgan qit’a chempionati o‘z yakuniga yetdi.
Quvonarlisi, murosasiz bahslar natijasida O‘zbekiston taekvondo terma jamoasi 4 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ulug‘bek Rashitov, Jasurbek Jaysunov, Nikita Rafalovich va Shuhrat Salayev barcha raqiblarini mag‘lub etib, Osiyo chempioni degan nomga sazovor bo‘ldi.

E’tiborlisi, shu paytgacha o‘tkazilgan qit’a chempionatlarining birontasida vakillarimiz bu qadar ko‘p oltin medallarga musharraf bo‘lmagandi. Shu jihatdan, mazkur chempionatda qo‘lga kiritilgan 4 ta oltin medal mamlakatimiz taekvondo tarixida o‘ziga xos ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Bu, yurtimizdagi mavjud olimpiya sport turlari orasida yana bir kuchli jamoa shakllanib kelayotganligini ko‘rsatdi.
Chempionatda o‘zbekistonlik taekvondochilar shu paytgacha qit’a yetakchisi bo‘lib kelgan Janubiy Koreya terma jamoasini oltin medallar soni bo‘yicha dog‘da qoldirdi. Koreyaliklar 3 ta oltinga egalik qilgan bo‘lsa, vakillarimiz 4 ta oltin bilan qit’aning yetakchi jamoasi ekanligini namoyish etdi.
Bundan tashqari, ko‘p hollarda taekvondo vatani vakillariga raqobat ko‘rsatib kelgan eronlik taekvondochi yigitlar bu galgi chempionatda bironta ham oltin medalga ega chiqa olmadi.

O‘zbekistonlik taekvondochi yigitlarning Janubiy Koreyadagi mazkur g‘alabasi orqali qo‘lga kiritilgan reyting ochkolari bir yil kechiktirib o‘tkaziladigan Osiyo o‘yinlarida, yana ikki yildan so‘ng Parijda bo‘ladigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ko‘zlangan natijalar uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘tashi shubhasiz.
T.Ro‘ziyev, O‘zA