Tadbirkorning rejalari bisyor edi. Ammo...
Bir murojaat izidan
Mamlakatimizda har bir shaxsni mulkdor bo‘lishga haqliligi, xususiy mulk, boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasi bilan kafolatlab qo‘yilgan.
Qolaversa, 2012 yil 24 sentyabrdagi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida” gi qonunda mulkdor o‘z huquqlarining har qanday buzilishi, garchi bu buzilishlar egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmasa ham, bartaraf etilishini talab qilishi mumkinligi, mazkur huquqni amalga oshirilishida davlat organlari mulkdorga ko‘maklashishi shartligi belgilab qo‘yilgan.
Taassufki, Namangan shahri, Bahor mahalla fuqarolar yig‘ini, “Kamtar” ko‘chasi, 4-berk, 4-uyda yashovchi fuqaro Ismoil Ashurov ezgu niyat va maqsadlar bilan ega bo‘lgan mulkidan ko‘p vaqt o‘tmasdan mahrum etilgan jabrdiydaga aylandi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga fuqaro I.Ashurovning mulkiy nizosi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan yo‘llagan murojaati joyida borib o‘rganildi.
Gap shundaki, fuqaro Ismoil Ashurov 2012 yil 18 iyul kuni Namangan shahridagi Bahor mahallasi hududidagi hammom va bino-inshootlarni fuqaro Xapiza Djurayevadan notarial oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilgan holda sotib olgan. Kelishilgan 19 ming AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ning 10 ming AQSH dollarini oldi-sotdi jarayonida to‘lagan. Qolgan pullarni bo‘lib-bo‘lib hisob-kitob qilgan. Ushbu sotib olgan ob’ektida 2012-2014 yillar davomida 40 million so‘mdan ziyod qurilish-montaj ishlarini va yer maydoni uchun soliq to‘lovlarini o‘z hisobidan bajargan.
I.Ashurovning aytishicha, mulkni xarid qilganidan uch yil o‘tib, Xapiza Djurayevaning farzandlari undan firibgarlik yo‘li bilan qo‘shimcha ravishda pul talab qilgan. X.Djurayevaning qizi Rahbarxon Mamadjonova 2015 yil oldi-sotdi shartnomasini bekor qilish yuzasidan fuqarolik sudiga da’vo arizasi kiritgan. Sud tomonidan 2015 yil 29 iyun kuni “Hammom va bino-inshootlar” ni oldi-sotdi shartnomasini bekor qilish haqida hal qiluv qarori chiqarilgan.
Fuqaro I.Ashurov fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudiga apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilganidan keyin FIB viloyat sudining 2015 yil 3 dekabrdagi ajrimi bilan FIB Namangan tumanlararo sudining 2015 yil 29 iyundagi hal qiluv qarori bekor qilinib, yangidan ko‘rish uchun instansiya sudiga yuborilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 2016 yil 6 may kuni bo‘lib o‘tgan Namangan tumanlararo sudining ochiq sud majlisida ushbu nizo qayta ko‘rib chiqilib, sud tomonidan Namangan tumani hokimining 2012 yil 23 apreldagi 253-sonli qarori, Namangan shahar 8-sonli davlat notarial idorasi tomonidan Xapiza Djurayeva va Ismoil Ashurov o‘rtasida tuzilgan 2012 yil 18 iyuldagi 2152-sonli reyestr bilan qayd etilgan hammom va bino-inshootlarni oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilingan. Shu o‘rinda, fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudi tomonidan 2016 yil 6 mayda o‘tkazilgan sud majlisida keltirilgan faktlar va tomonlarning ayrim ko‘rgazmalariga nazar tashlaymiz.
Aniqlanishicha, Namangan tumani G‘alcha qishloq fuqarolar yig‘ini, Ne’matjon mahallasida joylashgan, sobiq “Zarbdor” shirkat xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan ushbu hammom bino-inshootlari Respublika ko‘chmas mulk birjasi Namangan viloyati filialining 2006 yil 14 noyabrdagi ko‘chmas mulk bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasiga asosan, fuqaro Umar Mamadjanov tomonidan sotib olingan. Namangan tumani hokimining 2007 yil 27 fevraldagi 120-sonli qaroriga ko‘ra, umumiy yer maydoni 26 sotix, qurilish osti maydoni 1477,55 kv. metrni tashkil etgan mazkur ob’ekt joylashgan yer maydoni U.Mamadjanovga doimiy foydalanish uchun ajratib berilgan. Shu yilning o‘zida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, to‘liq xususiylashtirilgan. 2011 yili esa qayta ro‘yxatdan o‘tkazilib, qayta kadastr hujjatlari tayyorlangan.
Namangan shahar 8-sonli davlat notarial idorasining 2011 yil 18 fevraldagi reyestrga 456-son bilan qayd etib tasdiqlangan mulkka egalik qilish to‘g‘risidagi guvohnoma va shu kungi reyestrga 457-son bilan qayd qilingan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnomalarga asosan, 2010 yil fevralda vafot etgan marhum U.Mamadjanovning turmush o‘rtog‘i X.Djurayeva tomonidan meros qabul qilib olingan.
Ushbu nizoli mulkning 1/10 qismi, ya’ni 11 sotix yer maydonida joylashgan, foydali maydoni 25,78 kv. metrga teng umumiy qurilish osti maydoni 225,78 kv.metrni tashkil qilgan, akfa eshik romlarini yasash ustaxonasi, qorovulxona va hojatxona, temir darvoza, beton g‘ishtli to‘siq, devor, molxona va yem saqlash ustuni ijarachi sifatida foydalanib kelgan I.Ashurovga Namangan shahar 8-sonli davlat notarial idorasining 2012 yil 18 fevraldagi reyestrga 2152-son bilan qayd etilgan oldi-sotdi shartnomasi asosida sotilgan. Nizoli bino inshootlarga 2014 yil aprel oyida kadastr hujjatlari tayyorlanib, Ismoil Ashurovning mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Da’vogar R.Mamadjanova, javobgar X.Djurayeva, sud majlisida mustaqil talab bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs I.Mamadjanov, manfaatdor shaxs sifatida so‘ralgan I.Mamadjanovlar o‘z ko‘rgazmalarida javobgar I.Ashurov tomonidan xarid qilingan mulk uchun kelishilgan 19 ming AQSH dollar mablag‘ning 10 ming dollari to‘langani, ammo qolgan qismi hisob-kitob qilinmagani, meros qolgan mulkni rasmiylashtirish jarayonida rozilik bermaganligi, notariusga borib, ariza yozmaganligi, ularning nomidan yozilgan arizadagi imzo ularniki emasligini bayon etgan.
Sud majlisida so‘ralgan viloyat adliya boshqarmasi qoshidagi arxiv mudiri Ravshan Asrayev o‘z ko‘rsatuvida Namangan shahar 8-sonli Davlat notarial tomonidan 2011 yil 18 fevral kuni berilgan 456-sonli reyestr bilan qayd qilingan mulkka egalik huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma va 457-sonli reyestr bilan qayd etilgan qonun bo‘yicha merosga ega bo‘lgan huquq to‘g‘risida berilgan guvohnomalar, shuningdek, X.Djurayeva va I.Ashurov o‘rtasida tuzilgan 2152-sonli reyestr bilan qayd etilgan oldi-sotdi shartnomasi qonun talablari doirasida amalga oshirilgani, qonun buzilish holatlari bo‘lmaganligi, oldi-sotdi shartnomasini qayd etgan notarius Dilbar Tadjiddinova mas’uliyatli notariuslardan bo‘lganligi, fuqarolik ishini qonuniy hal qilib berishni so‘ragan.
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi tomonidan berilgan 2015 yil 11 maydagi ekspert xulosasiga ko‘ra, merosdan voz kechganlik bo‘yicha 2011 yil 16 fevralda yozgan arizalarni mualliflarining o‘zlari imzolab, ism-shariflari ular tomonidan yozilganligi ko‘rsatilgan.
Mazkur murojaatni o‘rganish davomida fuqaro I.Ashurov bilan birga joriy yilning 29 mart kuni Namangan viloyati sudi raisi Abdurasul Eranov hamda viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Sardor Jo‘raboyev qabulida bo‘ldik.
Mazkur masalaga tegishli hujjatlar bilan tanishib chiqqan sudning mas’ul mutasaddilari tomonidan I.Ashurovga mazkur nizoli vaziyat protsessi bilan bog‘liq huquqlari haqida tushunchalar berildi. Xususan, FIB Namangan tumanlararo sudining 2016 yil 6 maydagi hal qiluv qarorida, mazkur qarordan norozi tomon 20 kun ichida shu sud orqali FIB Namangan viloyati sudiga apellyatsiya tartibida, bir yil muddat ichida esa kassatsiya tartibida shikoyat va protest keltirishga haqli ekani qayd etilgan bo‘lsada, mazkur huquqdan foydalanish muddatidan ancha kechiktirib yuborilganligini bildirdi. Shuningdek, fuqaro I.Ashurovga sudning ushbu nizo bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan ishda ko‘rilmagan holatlarga oid asoslantiruvchi vajlar bo‘lgan taqdirda muddatni qayta tiklash uchun ishni qayta ochishga asos bo‘lishi mumkinligi aytildi.
– To‘g‘risi, bunday mulkiy mojarolarga birinchi marotaba ro‘baro‘ kelishim, – deydi Ismoil Ashurov. – Nizoli bahslarda qanday qonuniy xatti-harakatlarni amalga oshirish kerakligi xususida huquqiy bilimim yetarli emasligi, qolaversa, advokatimga ishonib qolganim birinchi instansiya sudining hal qiluv qaroriga kassatsiya shikoyatini kiritish muddatidan kechikib ketishiga sabab bo‘ldi. Sud ishini qayta tiklash bo‘yicha kassatsiya kiritish muddatining kechikishiga oilaviy muammolarga yo‘liqqanim, ya’ni keksa otam va nogironligi bor, parvarishga muhtoj ukamga qarayotganim ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Yaxshi niyatlar bilan mulkni sotib olgandim. Rejalarim katta edi. Mahallamizda yangi ish o‘rinlarini yaratish, ehtiyojmand xonadonlarda yashovchi yoshlar va ayollar bandligini ta’minlash, hududimizda kichik biznes rivojiga ozmi-ko‘pmi hissamni qo‘shish maqsadida ishlab chiqarish joylarini qurishga kirishgandim. Qonun bilan qo‘riqlanadigan huquqlarim qayta tiklanishidan, odil sudlov orqali haqiqat va adolat qaror topishidan umidvorman.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA