Tadbirkorning murojaati ijobiy hal etildi
Adliya boʻlimining aralashuvidan soʻng xususiy tadbirkor Sh.Yu.ning tadbirkorlik faoliyatini yuritish bilan bogʻliq huquqlari tiklandi.
Buxoro viloyati Kogon shahar Doʻstlik koʻchasida yashovchi fuqaro Sh.Yu. shahar adliya boʻlimi boshligʻining sayyor qabuli davomida qurilishi tugatilmagan bino-inshootni garovga qoʻyilishi uchun davlat roʻyxatidan oʻtkazishga amaliy yordam soʻrab murojaat qilgan.
Murojaatni oʻrganish davomida xususiy tadbirkor Sh.Yu. tomonidan savdo va maishiy xizmat koʻrsatish binosi qurilgani, binoning ayrim xonalari foydalanish uchun qabul qilishga tayyor holatda keltirilganligi aniqlangan. Savdo va maishiy xizmat koʻrsatish binosining qurilishini yakunlash maqsadida bankdan kredit olish uchun qurilishi tugallanmagan mazkur bino-inshootni davlat roʻyxatidan oʻtkazib berish toʻgʻrisida kadastr boʻlimiga murojaat qilganligi, biroq kadastr boʻlimi tomonidan qurilishi tugatilmagan bino inshootni foydalanishga qabul qilish uchun shahar hokimining qarori qabul qilinishi lozimligini iddao qilib xususiy tadbirkorning talabini rad etilganligi, bank tomonidan xususiy tadbirkor Sh.Yu.da qurilishi tugatilmagan binoni garovga quyish uchun shahar hokimining qarori hamda “Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri xizmati” Kogon filialidan esa qurilishi tugatilmagan bino inshootni foydalanishga qabul qilish haqida shahar hokimining qarorlari ortiqcha ravishda talab etilganligi maʼlum boʻlgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-dekabrdagi 1060-sonli “Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi” Nizomining 35-bandiga asosan qurilishi tugallangan va foydalanishga belgilangan tartibda qabul qilingan bino va inshootlarga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi. Qurilishi tugallanmagan noturarjoy binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlar tegishli loyiha tashkiloti tomonidan ularning qurilishi boshlanganligi tasdiqlangan taqdirda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi mumkin, – deydi, Kogon shahar adliya boʻlimi boshligʻi Ismatillo Ismatov. – Qurilishi tugallanmagan noturarjoy binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlar, yer uchastkasiga boʻlgan huquq belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilganligi, qurilish qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlangan loyiha asosida boshlanganligi sharti bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi koʻrsatilgan yaʼni qurilishi tugatilmagan bino inshootlar loyiha smeta hujjatlari asosida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi koʻrsatilgan boʻlsada, bank va kadastr tashkiloti tomonidan ortiqcha ravishda shahar hokimining qurilishi tugatilmagan obyektni foydalanishga qabul qilish toʻgʻrisidagi qarorini talab qilish orqali maʼmuriy tartib tamoyillar toʻgʻrisidagi qonun talabini buzgan.
Adliya boʻlimining aralashuvidan soʻng xususiy tadbirkor Sh.Yu.ning tadbirkorlik faoliyatini yuritish bilan bogʻliq huquqlari tiklandi. Kogon shahri, Buxoro shoh koʻchasi yoqasida joylashgan qurilishi tugatilmagan noturar bino inshootining davlat roʻyxatiga olinishi va bankdan kredit olish boʻyicha talabi taʼminlab berildi. Natijada samarasiz foydalanilayotgan qurilish obyekti ishga tushirildi. Bugungi kunda mazkur obyektda 7 nafar yoshlar ish bilan taʼminlandi.