Tadbirkorlikda shirinliklar peshqadam
Davlat rahbarining olib borayotgan odilona siyosati tufayli bugunga kelib parrandachilik xo‘jaliklari faoliyati rivojlanmoqda. Nafaqat xonadonlarda, ko‘p tarmoqli va yirik xo‘jaliklarda tovuq boqish va moddiy manfaatdorlikka erishish tajribasi shakllanmoqda. Muhimi, bozor rastalaridan tovuq go‘shti va tuxumni istagancha xarid qilish mumkin.
Masalan, Buxoro viloyatining Vobkent tumanidagi “Shirin” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan tadbirkor “Ro‘ziyev Nasullo” oilaviy korxonasi 3 yil avval 30 million so‘m kredit mablag‘i asosida Vengriya respublikasidan “Ross-308” zotiga mansub 1 ming bosh parrandani xarid qilib, parvarishini boshlagan. Bu borada uch yildirki, tarmoqda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan oilaviy korxona tashabbuskor bo‘lib, aynan parrandachilik tarmog‘ini rivojlantirishga doir qator istiqbolli loyihalarni ro‘yobga chiqarmoqda. Bugunga kelib bu oilaviy korxonada tovuq soni 5000 boshga yetkazilgani quvonarli, albatta.

Parranda parvarishini avvalo havasdan boshlab, keyin tirikchilik vositasi, bugunga kelib esa daromad manbaiga aylantirgan Nasullo Ro‘ziyev hozirda 5000 bosh tovuqni maxsus parranda qafaslariga joylashtirgan. Tuxumga kirgan tovuqlardan har kuni 3 ming donadan oshirib tuxum olib, donasini 1000 so‘m atrofida sotib, xonadoniga daromad olib kirmoqda. Shuningdek, mirishkor xonadon sohibi 6 kishini ish bilan ta’minlagan. Umumiy olib borilayotgan parranda parvarishidan oyiga 50 million so‘m daromadga erishmoqda.
– Parranda uchun bahor va yoz fasllari g‘oyat qulay iqlim sharoit hisoblanarkan. Bu davrda tovuq tez yetiladi va tuxumga kiradi. Biz boqayotgan zotdor parranda ham belgilangan yoshiga yetib tuxum berishni boshladi. Parvarishiga qarab omixta yemi, kundalik ozuqasi, emlanishlardan qolmasa, tovuqlar to‘liq tuxum beraveradi. Dastlabki bosqichda kuniga 1 ming donadan oshirib tuxum olishga erishgan bo‘lsak, bu kuniga 1 million so‘mdan oshiq daromad degani. Endi bir oylik daromadni o‘zingiz chamalayvering. Ammo buning uchun parrandaga diqqatlik bo‘lish, omixta yemi, oziq-ovqat ratsioni bilan birga dori-darmon, vaksinalarni o‘z vaqtida berish lozim, – deydi Nasullo Ro‘ziyev.

– Vobkent tumanida 44 ta mahalla bo‘lib, jami aholi soni 148 670 nafarni tashkil qiladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki Buxoro viloyati mintaqaviy markaz rahbari o‘rinbosari Nargiza Latipova. – 2025 yil yanvar-aprel oylarida Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 1359 nafar fuqaroga 19,088 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilgan. Shundan “Shirin” mahalla fuqarolar yig‘inida xonadon soni 601 tani, oila soni 924 tani, jami aholi 3201 nafarni tashkil etadi. Kam ta’minlangan oilalar soni 16 ta bo‘lib, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga ish bilan band qilinganlar 43 tani tashkil etmoqda. Mahalla drayveri – turizm va shurdanakchilik.

“Shirin” mahalla fuqarolar yig‘inida “Shirin etno House” OK turistik hudud mavjud. Loyihaning umumiy qiymati uch milliard so‘m. Korxonada 60 o‘rinli mehmon uyi hamda 150 o‘rinli umumiy ovqatlanish shoxobchasi tashkil etilgan. Hozirda korxonada 15 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Korxonaga Turkiya davlatidan olma, o‘rik, gilos, behi, shaftoli va boshqa turdagi mevali daraxt ko‘chatlari keltirilgan.
Qishloqda yashovchi To‘xta To‘xtayev o‘z xonadonida imtiyozli kredit evaziga uy mehmonxona tashkil qilgan. Shurdanakchilik faoliyati bilan shug‘ullanadi va yon-atrofdagi qo‘shnilarga sho‘rdanak tayyorlash uchun kasanachilikni yo‘lga qo‘ygan. Yiliga uch tonnagacha sho‘rdanak tayyorlab ichki bozorga sotib kelmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.