Tadbirkorlik faoliyati erkinligi kafolatlari yanada kuchaytiriladi
Parlament quyi palatasi majlisida tadbirkorlik faoliyatining kafolatlarini mustahkamlash hamda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun hamda boshqa ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Xususan, loyihada tadbirkorlik sub’ektlarining tengligi, ishonchning himoya qilinishi, mulk daxlsizligi, tadbirkorlikka oid qonunchilikning barqarorligi va aniqligi tadbirkorlik faoliyatining asosiy prinsiplari sifatida belgilanmoqda.
Loyiha bilan davlat tomonidan samarali qo‘llab-quvvatlash va rasmiy statistika ma’lumotlarini shakllantirish maqsadida tadbirkorlik sub’ektlari kichik, o‘rta va yirik toifalarga ajratilmoqda.
Shuningdek xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish cheklanmoqda hamda bunday ishlar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmasligi nazarda tutilmoqda.

Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar reyestrining huquqiy asoslarini mustahkamlash nazarda tutilmoqda. Bunda agar biror-bir talab ushbu maxsus Reyestrga kiritilmagan bo‘lsa, tadbirkor uni bajarmagani uchun javobgarlikka tortilmasligi nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasiga muvofiq, tadbirkorlik sub’ektlari zimmasiga yangi majburiyat yoki cheklovlar yuklatishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tadbirkorlar ishtirokida muhokama qilinishi hamda ular tartibga solish ta’siri bo‘yicha ijobiy baholangan taqdirdagina qabul qilinishi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, loyihada tadbirkorlik sub’ektlariga taqdim etiladigan imtiyoz va preferensiyalarning turlari, muddatlari hamda tartibini qamrab olgan alohida reyestr yuritish, mas’uliyatli biznes yuritish mezonlarini belgilash, shuningdek, tadbirkorlarga nisbatan qo‘llanilgan moliyaviy sanksiyalarni bo‘lib-bo‘lib yoki kechiktirib to‘lash imkoniyatini yaratish ham nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida mas’ul qo‘mita tomonidan qonun loyihasi atroflicha tahlil qilinib, deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek tadbirkorlik sub’ektlari va ekspertlar tomonidan bildirilgan taklif hamda mulohazalar tahlil qilindi.
Muhokamalar natijasida qonun loyihasining bir qator normalari aniqlashtirildi va takomillashtirildi. Jumladan, loyihadagi prinsiplar, xususiylashtirish natijalariga oid kafolatlar, tadbirkorlarga berilgan imtiyoz va preferensiyalarni qo‘llashga oid va boshqa ko‘plab qoidalar qayta ko‘rib chiqildi, ayrim normalar amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirildi. Huquqiy noaniqliklarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartishlar kiritildi.
Majlisda qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Majlisda “Yer qonunchiligi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish jarayonida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yer uchastkalarini bozor aktiviga aylantirish, fermer va dehqon xo‘jaliklarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan islohotlarning huquqiy asosini mustahkamlash zarurati ushbu hujjatni ishlab chiqishga asos bo‘lgan.
Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yer uchastkalarini bozor aktiviga aylantirish, yer munosabatlarida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining yer munosabatlaridagi vakolatlarini aniqlashtirish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini berishda (realizatsiya qilishda) ulardan foydalanish shartlarini belgilashga qaratilgan.
Shuningdek, unda yer uchastkalarini birlashtirishning huquqiy asoslarini, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rni qoplanmasligiga doir qo‘shimcha holatlarni belgilashga qaratilgan normalar loyihada o‘z aksini topmoqda.
Deputatlar qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishning oldini olishga qaratilgan normalarni qonunchilikka muvofiqlashtirish hamda soliq solishda hisobga olinmaydigan daromadlar turini belgilashda fuqarolar manfaatini hisobga olishga alohida e’tibor qaratdi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.