Tadbirkorlarning soliqqa oid muammolari bartaraf etilmoqda
Farmon va ijro
Shu kunlarda Toshkent viloyati soliq boshqarmasi mutaxassislari tomonidan tuman-shaharlarda tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning muammo va takliflari o‘rganilmoqda.
Hududda tadbirkorlik faoliyatining to‘siqlarsiz amalga oshirilishini ta’minlash, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Biroq sohada uchrayotgan ayrim muammolar tadbirkorlar faoliyatida qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Shu sababli, tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini tushuntirish muhim ahamiyatga ega, albatta.

Hozirda Toshkent viloyatida 37 mingga yaqin tadbirkorlar faoliyat yuritmoqda. Joriy yil boshidan beri soliq organlariga tadbirkorlik sub’ektlaridan jami 56 ming 941 ta murojaat kelgan. Shundan 27 ming 661 ta murojaat qanoatlantirilgan, 28 149 tasi bo‘yicha tegishli tushuntirish berilgan va 519 tasi boshqa tashkilotlarga yuborilgan.
Viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari R.Tursunboyev Ohangaron shahar va tuman hududlarida faoliyat yuritayotgan kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashdi. Unda Prezidentimizning 2025 yil 19 martdagi “Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tadbirkorlik sub’ektlariga berilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Muloqot jarayonida tadbirkorlar tomonidan soliq hisobotlari, nazorat-kassa texnikalaridan foydalanish, aylanmadan olinadigan soliq va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha bir qator savollar va takliflar bildirildi. Shu bilan birga ko‘plab masalalar yuzasidan mas’ul rahbarlar tomonidan atroflicha tushuntirishlar berildi hamda ayrim muammolar joyida hal etildi.
Jarayonda tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularga qulay soliq muhitini yaratish va tizimdagi ochiqlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatida yuqori natijalarga erishgan va namunali faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.


A.Musayev, O‘zA.