Tadbirkorlarning savollariga yechimlar izlandi
Toshkent shahar hokimligida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi hamda partiya shahar deputatlik guruhi tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorlikda «Xususiy mulk huquqlarini mustahkamlash, uni rivojlantirish samaradorligini ta’minlash» mavzuida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Toshkent shahar hokimligida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi hamda partiya shahar deputatlik guruhi tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorlikda «Xususiy mulk huquqlarini mustahkamlash, uni rivojlantirish samaradorligini ta’minlash» mavzuida ochiq muloqot o‘tkazildi.Qizg‘in bahs-munozaralar bilan o‘tgan yig‘ilishda ko‘plab savollarga javob olindi.
Fotima Jo‘rayeva "Qo‘yliq-5" mavzesida yashaydi. Ingliz tili o‘qituvchisi bir necha marotaba o‘tkazilgan jarrohlik operatsiyalari tufayli ikkinchi guruh nogironi bo‘lib qoldi. O‘zi kabi imkoniyati cheklanganlar jamiyatga naf keltirishini istagan Fotima opa «Ummonnabonu» xususiy korxonasini tashkil etdi. Maishiy xizmat ko‘rsatish binosi qurib bitkazilmoqda.
– Mazkur binoda kafe, tikuv sexi va boshqa qator xizmatlar tashkil etiladi, – deydi F.Jo‘rayeva. – Loyihamizda obodonlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Binomiz atrofida bo‘sh turgan yerlarni ko‘kalamzorlashtirish istagini bildirgan edik. Olti sotix yer ajratib beradigan bo‘lishdi.
Yakkasaroy tumanidagi «O‘zimizniki» mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil bo‘lganiga endi olti oy bo‘lsada, trikotaj mahsulotlarini eksport qilishga ham ulgurdi. Ayni vaqtda Qozog‘istonga 500 ming dollarlik mahsulot yetkazib berish borasida shartnomaga ega.
– Yengil sanoat sohasi uchun xorijdan zamonaviy texnologiyalar olib kelganda bojxona imtiyozi mavjud, – deydi «O‘zimizniki» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari To‘lqin G‘oziyev. – Xitoydan yangi uskuna olib keldik. Lekin bizga mazkur imtiyozdan foydalanishga ruxsat berishmadi. Mazkur masalaga oydinlik kiritish uchun keldik.
Ochiq muloqotda tadbirkorlar shu kabi masalalar bilan soha mutasaddilariga murojaat qildi va malakali javoblarni oldi. Qo‘shimcha o‘rganish, tekshirish va vaqt talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha mutasaddi idora va tashkilotlar vakillari o‘zlariga tegishli har bir masala yechimi uchun javobgarlikni zimmasiga oldi.