Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida
Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi markaziy kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda joriy yilning birinchi yarmi yakunlari ko‘rib chiqildi va istiqboldagi vazifalar belgilandi.
Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi markaziy kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda joriy yilning birinchi yarmi yakunlari ko‘rib chiqildi va istiqboldagi vazifalar belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov va boshqalar mustaqillik yillarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida iqtisodiyotimizda xususiy sektorning roli tobora ortib borayotganini ta’kidladi. Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ushbu jarayonni yanada jadallashtirishga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimiz tadbirkorlarining ishonchli hamkori sifatida o‘zini namoyon etgan O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi vazifalarni hal qilishda muhim o‘rin tutmoqda. Bugungi kunda ushbu nodavlat notijorat tashkiloti ishbilarmonlik muhitini baholash, ilg‘or xorijiy tajribalardan foydalanish, ruxsat berish tartib-taomillari yuzasidan tadbirkorlarga maslahatlar bermoqda, kredit-moliya resurslari olishda amaliy yordam ko‘rsatib, tovarlar eksportini yo‘lga qo‘yish va zamonaviy asbob-uskunalar xarid qilishga ko‘maklashmoqda.
2015-yilning birinchi yarmida Savdo-sanoat palatasi chet el kapitali ishtirokida 34 qo‘shma korxonani tashkil etishga yordam berdi. Tashkil etilgan korxonalar ustav fondining umumiy hajmi 8,25 million dollarga yetdi. Ta’kidlash joizki, yangi korxonalarning aksariyati xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilmoqda.
Ishlab chiqarish obyektlari asbob-uskunalarini modernizatsiya qilish va yangilashga ham alohida e’tibor qaratilayotir. Hisobot davrida 84 korxonaga chet elga amaliy safarlar tashkil etish, xalqaro ko‘rgazma va biznes uchrashuvlarda ishtirok etishda yordam ko‘rsatildi. Buning samarasida umumiy qiymati 22 million dollardan ortiq bo‘lgan mini-texnologiya va asbob-uskunalar xarid qilindi.
Savdo-sanoat palatasining chet eldagi vakolatxonalari tadbirkorlarimizning xorijiy mamlakatlar ishbilarmon doiralari bilan aloqalarini mustahkamlashda muhim o‘rin tutmoqda. Mazkur vakolatxonalar mamlakatimiz savdo-iqtisodiy salohiyati xususida xabardor qilish, shuningdek, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sotish bozorini kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Joriy yil boshidan buyon mamlakatimiz tadbirkorlari Savdo-sanoat palatasi ko‘magida xorijiy davlatlarda bo‘lib o‘tgan 38 ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etdi. Ushbu tadbirlar yakuniga ko‘ra, 30 dan ziyod kelishuv imzolandi. Bundan tashqari, mamlakatimizda o‘tkazilgan 100 ko‘rgazmada 720 kelishuv va shartnoma imzolandi. Tadbirlar yakuni bo‘yicha 18,7 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi.
Ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish, iqtisodiyotda xususiy mulkning rolini oshirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga ko‘maklashish, tadbirkorlik yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf qilish, kredit va moliya mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ilg‘or xorijiy tajriba inobatga olingan holda, tadbirkorlarni o‘qitish va malakasini oshirish O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining oldida turgan dolzarb vazifalardir.