Tadbirkorlarga yana bir imkoniyat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Vakilga ma’muriy javobgarlikka tortish vakolati berilganligi yuzasidan amaldagi qonunchilikka o‘zgartishlar kiritildi.
– Davlatimiz rahbari 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ayrim joylarda davlat organlari tizimidagi rahbar va mutasaddilar tomonidan tadbirkorlarning mulkka doir huquqlarini buzish holatlari hanuz davom etayotgani qayd etilib, Biznes-ombudsmanga tadbirkorlarning huquqlarini buzgan davlat idorasi mansabdorlariga nisbatan ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha vakolat berishni taklif qilgandi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Vakil devonining Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat ko‘rsatuvchi yetakchi inspektori Berdaq Jaqsimov. – Ilgari, Biznes-ombudsmanning ma’muriy jarimaga tortish vakolati mavjud emas edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil nomidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda jarima tarzidagi ma’muriy jazolarni qo‘llashga endilikda uning o‘rinbosarlari va vakil devoni bosh inspektorlari haqlidir. Ta’kidlash lozimki, endi qayd qilingan 9 turdagi ma’muriy ish, shu jumladan, yer uchastkasini noqonuniy olib qo‘yish, xususiy mulk huquqini buzish, tadbirkorlar faoliyatini tekshirish, tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini va (yoki) ularning banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni qonunga xilof ravishda to‘xtatib turish, tadbirkorlik sub’ektlarini homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish, imtiyozlar va preferensiyalarni qo‘llashni g‘ayriqonuniy ravishda rad etish, qo‘llamaslik yoki qo‘llashga to‘sqinlik qilish, tadbirkorlik sub’ektlarining hisobvaraqlarida pul mablag‘lari mavjudligi to‘g‘risidagi axborotni qonunga xilof ravishda talab qilib olish, tadbirkorlik sub’ektlaridan qonunchilikni buzgan holda hujjatlar talab qilib olish bilan bog‘liq ayrim moddalari bo‘yicha ishlarni ko‘rish va ma’muriy jarima tayinlash Biznes-ombudsman, uning o‘rinbosarlari va vakil devoni bosh inspektorlari tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2458-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga ushbu Kodeksning 43 (tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlari qismida), 2002 (tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari buzilishi qismida), 2411 — 2414, 2416, 2418, 24110-moddalarida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar taalluqlidir.
Dovud Abibullayev, O‘zA