Tadbirkorlar uchun seminar tashkil etildi
Jizzax shahrida Birlashgan millatlar tashkiloti Global kelishuv tashabbusi tomonidan tadbirkorlar uchun seminar tashkil etildi.
Unda BMTning Global kelishuv tashabbusi vakillari, Savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi, “Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazi” unitar korxonasi rahbar va mutasaddilari hamda Jizzax viloyatida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida tinglovchilar BMT Global kelishuv tashabbusi va uning afzalliklari, moliyaviy ko‘rsatkichlarning oshishi, yuqori ESG indeksi, xodimlar faolligini oshirish, korporativ boshqaruvni yaxshilash va Global kelishuv tashabbusiga a’zo bo‘lishga oid ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
BMTning Global kelishuv tashabbusi xususiy sektorda korporativ ijtimoiy mas’uliyat va barqaror rivojlanish tamoyillarini (CSR, ESG) joriy qilishga ko‘maklashish bo‘yicha xalqaro tashabbus hisoblanadi.

– Ayni paytda, Global kelishuv tashabbusida dunëning 160 dan ortiq davlatlaridagi 15 mingdan ziyod kompaniya, 4 ming NNT, 70 dan ortiq biznes tarmoqlari birlashgan, – deydi Savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i A.Rahmonqulov. – Mazkur tashabbus xususiy sektorga ekologik mas’uliyatni kuchaytirish, “yashil” texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy qilishni rag‘batlantirish, ijtimoiy mas’ul tadbirkorlik faoliyatini yuritish bo‘yicha ko‘maklashmoqda.

– Hozirgi vaqtda ushbu tashabbusga O‘zbekistondan “Anglesey Food” (Korzinka), “Artel”, “Silverleafe”, “HR Capital Consulting”, O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati uyushmasi hamda “British Management University” korxona qo‘shilgan, – deydi “Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazi” unitar korxonasi direktori vazifasini bajaruvchi N.Isomiddinova. – Mazkur tashabbusga qo‘shilish to‘lovi yillik aylanmasi 50 million AQSH dollarigacha bo‘lganlar uchun bepul, ushbu miqdordan oshganlarga esa 2 ming 500 AQSH dollarini tashkil etadi.
Seminar so‘ngida tinglovchilar tomonidan berilgan savollarga BMTning Global kelishuv tashabbusi vakillari batafsil javoblar berdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA