Tadbirkorlar muammolari o‘rganilmoqda
Shu kunlarda Biznes-ombudsman va qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yurtimiz bo‘ylab tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga bag‘ishlangan bir qator seminar-treninglar va uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.
Prezidentimizning 2024 yil 14 noyabrdagi “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan mazkur seminarlarda hujjat mazmun-mohiyati va ahamiyati bo‘yicha batafsil ma’lumot berilmoqda.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumanida o‘tkazilgan seminarda tadbirkorlar, hokim yordamchilari va boshqa mansabdor shaxslar ishtirok etdi. Seminar davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob berildi.

Sirdaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi xodimlari uchun o‘tkazilgan seminarda ham yuqoridagi hujjat mazmun-mohiyati, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar, “Yagona davlat nazorati“ axborot tizimida ro‘yxatga olish va joriy etilayotgan yangi tartiblar bo‘yicha ma’lumot berildi.
Andijon viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasida o‘tkazilgan yig‘ilishda farmon ijrosini ta’minlash, yo‘l qurilishida tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati tekshiruvlari, qonunbuzilish holatlarining oldini olish va “Xavfni tahlil qilish“ elektron tizimi joriy etilishi masalalari muhokama qilindi.

Andijon viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan targ‘ibot uchrashuvida esa tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tadbirda Biznes-ombudsman, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mas’ul xodimlari, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari ishtirok etdi. Uchrashuv davomida tadbirkorlik sub’ektlariga joriy etilgan qulaylik va imkoniyatlar, shuningdek, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar o‘tkazishda tadbirkorlarning huquq va majburiyatlari tushuntirildi.
Qayd etilganidek, ushbu seminar-treninglar va uchrashuvlar tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish, ularning qonuniy faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratish, shuningdek, nazorat qiluvchi organlarning faoliyatini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA