Tadbirkorlar muammolari o‘rganilmoqda
Tadbirkorlik sub’ektlarining muammo va masalalarini bevosita o‘rganish hamda hal qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish maqsadida Respublika ishchi guruhining Jizzax viloyati shahar va tumanlaridagi tadbirkorlar bilan uchrashuvlari davom etmoqda.
Prezident Administratsiyasining 2023 yil 17 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yilda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan Respublika ishchi guruhining tadbirkorlar bilan navbatdagi uchrashuvi viloyatning eng ko‘p tadbirkorlar jamlangan Sharof Rashidov tumanida bo‘lib o‘tdi.


Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuv davomida Sharof Rashidov tumani tadbirkorlari tomonidan yo‘l infrastrukturasi, elektr va suv ta’minotidagi uzilishlar, bank kredit mablag‘lari va yer ajratishdagi sustkashlik kabi masalalarda murojaat qildi.
Tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan har bir murojaat diqqat bilan tinglanib, birma-bir qayd etib borildi.


Uchrashuv davomida Biznes-ombudsman hududiy vakili, viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi xodimlari va qator mutasaddi tashkilotlar tomonidan tadbirkorlarning muammo va takliflari o‘rganilib, ijrosi yuzasidan mutasaddi idoralar rahbarlari zimmasiga aniq topshiriq va vazifalar yuklatildi va ijrosi nazoratga olindi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA