Tadbirkorlar muammolari joyida hal etildi
O‘zLiDeP Sirdaryo viloyati Kengashi tashabbusi bilan Mirzaobod tumanida o‘tkazilgan “Tadbirkorlarga huquqiy yordam” aksiyasi doirasidagi ochiq muloqotda 20 dan ortiq tadbirkorlarning murojaati tinglandi. Ulardan ayrimlarining muammolari joyida hal etildi, qolganlari esa Respublika ishchi guruhiga yuborildi.
Muloqotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, huquqiy va iqtisodiy to‘siqlarni bartaraf etish, tadbirkorlik faoliyati erkinligini ta’minlash maqsadida amaliy yordam ko‘rsatildi. Tadbirda kadastr, elektr ta’minoti, oqava suv, infratuzilma va ruxsatnomalarga oid 15 ga yaqin muammo ko‘tarildi.

Masalan, Mirzaobod tumanidagi “Mirzo Ulug‘bek” mahallasida istiqomat qiluvchi tadbirkor Shuhrat Nazarov 1000 ta parranda boqish uchun inshoot qurgan bo‘lsada, tegishli ruxsatnomalarni ololmayotgani tufayli faoliyat boshlay olmayotganini ma’lum qildi. Muloqotda berilgan huquqiy yordam tufayli u kerakli hujjatlarni rasmiylashtirib, ish boshlaydigan bo‘ldi.

Shuningdek, “Sayyora sanoat” MCHJ rahbari Donoxon Mamajonova ham tadbirda faol ishtirok etdi va quyidagi fikrlarni bildirdi:
– Bugungi uchrashuvda maishiy tibbiy chiqindilar masalasida viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan ikki tomonlama shartnoma tuzish yuzasidan amaliy yordam so‘rab murojaat qildim. Murojaatim joyida ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etildi. Bu kabi uchrashuvlar davlat idoralari va tadbirkorlar o‘rtasidagi muloqotni osonlashtiradi, muammolarni tez hal qilishga imkon beradi.

Tadbirda O‘zLiDeP Sirdaryo viloyati Kengashi bo‘lim mudirlari, mahalliy deputatlar, tegishli idora va tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etib, tadbirkorlarga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatishdi. Muloqotda sohaning rivojiga to‘sqinlik qilayotgan omillar muhokama qilinib, yangi imkoniyat va imtiyozlar haqida ma’lumot berildi.

Ma’lumki, mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, kichik va o‘rta biznes sub’ektlarini har tomonlama rag‘batlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan O‘zLiDeP tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish va muammolarini tizimli hal etishga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri