Tadbirkorlar huquqlarining kafolatlari
Surxondaryo viloyati hokimligi va viloyat prokuraturasi hamkorligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni himoya qilish, sohani rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish, bu borada olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Surxondaryo viloyati hokimligi va viloyat prokuraturasi hamkorligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni himoya qilish, sohani rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish, bu borada olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.Tuman va shahar hokimlari, huquqni muhofaza qilish idoralari, nazorat qiluvchi va sud organlari, mutasaddi tashkilotlar rahbar va mas’ul xodimlari, tadbirkor va fermerlar ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor milliy iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, yurtimiz obodligi va xalqimiz farovonligini ta’minlashda yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar ko‘lamini yangi bosqichda davom ettirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasining joriy yil 20-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni tadbirkorlik subyektlari manfaatlari himoyasini kuchaytirish, ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan g‘ov va cheklovlarni bartaraf etish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lami va sifatini yanada oshirishning huquqiy asoslarini mustahkamladi.
Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish yo‘lida qabul qilinayotgan qonunlar, farmon va qarorlar bilan xususiy sektorda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilib, davlat va bozor infratuzilma institutlari tashkil etish, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, huquqiy, axborot-maslahat, auditorlik, rieltorlik, interaktiv va boshqa zamonaviy xizmatlar ko‘rsatishning yaxlit tizimi shakllantirildi. Tadbirkorlik subyektlari, jumladan, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun soliq, bojxona va boshqa yo‘nalishlarda bir qator imtiyoz va preferensiyalar berildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning viloyat iqtisodiyoti taraqqiyotidagi rolini yanada oshirish, mavjud to‘siq va g‘ovlarga chek qo‘yish, ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, ularning erkin faoliyat yuritishi uchun zarur sharoit yaratish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida mingdan ortiq kichik biznes subyekti tashkil etilib, ularning soni 10 ming 757 taga yetdi. Sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun 448,8 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratildi, xususiy sektor tomonidan 391,9 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. 791,2 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. 439,5 milliard so‘mlik pullik xizmatlar ko‘rsatildi. Viloyat hududiy mahsulotida kichik biznesning ulushi 79,1 foizni tashkil etdi. 40 ga yaqin yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Bandlik dasturi doirasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik hisobidan 15 ming 954 yangi ish o‘rni barpo etildi.
Viloyat hokimligi va viloyat prokuraturasi hamkorligida har oyda ikki marta o‘tkazilayotgan “Tadbirkorlar kuni” ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subektlarining muammolarini yechishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Jumladan, shu yilning o‘tgan davrida tashkil etilgan ana shunday tadbirlarda 1 ming 631 tadbirkor tijorat banklaridan kredit mablag‘lari olish, elektr ta’minotidagi uzilishlar, yer ajratish va boshqa masalalar bilan murojaat etdi.
– Bunday masalalar o‘z vaqtida yechimini topib, arzon, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, servis va xizmat ko‘rsatish ko‘lami kengaymoqda, yangi ish o‘rinlari tashkil etilmoqda, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i To‘ra Bobolov. – Boshqarma tomonidan tadbirkorlarning huquqiy manfaatlarini ta’minlash, nazorat qiluvchi organlar, davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralarining ular faoliyatiga noqonuniy aralashuvining oldini olish, muammolarni hal etishga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida sudlarga tadbirkorlar manfaatini himoya qilib, 26 milliard 70 million so‘m qiymatidagi 1 ming 351 da’vo arizasi kiritildi. 22 milliard 797 million so‘mlik 1 ming 200 da’vo arizasi qanoatlantirildi. Ayni paytda 151 tasi sudda ko‘rib chiqilmoqda. O‘ndan ortiq tadbirkorga o‘zlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini turli davlatlarga eksport qilishda yordam berildi. So‘nggi besh yilda 100 dan ortiq tadbirkorlik subyekti zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanishiga ko‘maklashildi. Joylarda o‘tkazilayotgan so‘rovnomalar asosida tadbirkorlarga kredit mablag‘larini o‘z vaqtida ajratmaslik, elektr, tabiiy gaz ta’minotidagi uzilishlar va boshqa masalalar bilan bog‘liq muammolarni hal etishda amaliy yordam ko‘rsatilayotir.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi T.Mamaraimov so‘zga chiqdi.