Tadbirkorlar foydasiga salkam 1,2 milliard so‘m undiriladi
Ma’lumki, Biznes ombudsman bugungi kunda tadbirkorlarning ishonchli vakiliga aylanib ulgurgan. Tashkilot tomonidan 7 yillik faoliyati davomida tadbirkorlarning 39 mingdan ortiq murojaatlari ko‘rib chiqildi va bu davrda tadbirkorlar foydasiga 300 milliard so‘mga yaqin mablag‘ qaytarilishiga erishildi.
Qashqadaryo viloyatida faoliyat yurituvchi “Obod maskan” MCHJ va “Shifo darmon” MCHJlar (nomlari o‘zgartirilgan) debitor qarzdorlikni undirishda amaliy yordam so‘rab, Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, "Obod maskan" MCHJ tomonidan kasb-hunar maktabi binosi ta’mirlangan, lekin 993 million so‘m haq to‘lanmagan. "Shifo darmon" MCHJ tomonidan esa tibbiyot birlashmasiga dori-darmon yetkazib berilgan, ammo 202 million so‘m to‘lov olinmagan.
Shu sababli, Biznes-ombudsman tomonidan javobgarlardan pullarni undirish to‘g‘risida Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizalari kiritildi.
Sudda da’vo talablari asosli ekani qayd etilgan holda to‘liq qanoatlantirildi hamda tadbirkorlar foydasiga tegishli summalar undirilishi belgilandi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA