Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda
Shu kunlarda Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasi tomonidan yurtimiz bo‘ylab 10 dan ortiq yo‘nalishlarda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazib kelinmoqda.
Xususan, poytaxtimizda Biznes-ombudsman Dilmurod Qosimov hamda Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov boshchiligida moliyaviy, yuridik, konsalting, IT va aloqa sohasidagi tadbirkorlarning takliflari eshitildi.

Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatidagi muammolar va ularning yechimi yuzasidan takliflar to‘plash maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda tadbirkorlar oldida turgan dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Bugungi kunga qadar savdo va umumiy ovqatlanish, zargarlik, moliyaviy, yuridik, konsalting, IT va aloqa sohasidagi tadbirkorlar bilan muloqotlar bo‘lib o‘tdi.

Ochiq muloqotlar YouTube platformasi orqali ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish qilinyapti. Hududlardan xam tadbirkorlar onlayn ulanib, o‘z savollari va takliflarini bildiryapti.
Ochiq muloqotlarda bildirilgan takliflar umumlashtirilib, Respublika shtabiga taqdim qilinadi. Shtabda esa tegishli ekspertlar ishtirokida tahlil qilinadi va mukammal takliflar ishlab chiqilib, Prezident Administratsiyasiga kiritiladi.

Qolaversa, respublika bo‘ylab barcha shahar va tumanlarda hududiy ishchi guruhlar xam tadbirkorlarning takliflarini tinglamoqda. Maqsad hech qaysi tadbirkor va hech qaysi taklifni e’tibordan chetda qoldirmaslik.
Bu muloqotlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tadigan ochiq muloqotlariga qadar davom etadi.

Shuningdek, tadbirkorlar 1100, 1094 qisqa raqami va Tadbirkor virtual ofisi orqali ham o‘z taklif va murojaatlarini yuborishlari mumkin.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA