Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
Toshkent viloyati hokimligida hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari vakillari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev, tegishli boshqarma va tashkilotlar mutaxassislari tomonidan tuman-shaharlarda faoliyat yuritayotgan 200 ga yaqin eksportyor tadbirkor va ishbilarmonlarning muammolari o‘rganildi va takliflari tinglandi.
Bu yil viloyatdagi 816 ta korxona tomonidan 75 ta davlatga jami 562 ta mahsulot turi bo‘yicha eksport amalga oshirilishi maqsad qilingan. Shundan sanoat yo‘nalishida 650,5 million dollar va meva-sabzavot mahsulotlari 200,1 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda.
Asosiy e’tibor hozir dunyoda bo‘layotgan murakkab geosiyosiy vaziyatdan kelib chiqib, hududda ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat, sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga xaridor topish, bojxona logistikasida uchrayotgan muammolarni bartaraf etish va qulaylik yaratish kabi masalalarga e’tibor qaratildi.

Buning uchun ishtirokchilarga maxsus so‘rovnoma tarqatilib, ularning faoliyatida uchrayotgan muammo va takliflar jamlandi.
Maqsad, tadbirkorlardan kelib tushgan savol, taklif va tashabbuslar asosida dastur ishlab chiqish va unga muvofiq, kelgusida sohani yanada rivojlantirish, hududda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishdir.
Muloqot davomida tadbirkorlardan transport koridorlarini rivojlantirish, yuklarni bojxona orqali o‘tkazishni soddalashtirish, qishloq xo‘jaligi klasterlari, dehqonchilik xo‘jaliklari bilan hamkorlikni kuchaytirish va sifatli mahsulot yetishtirish, korxonalarda elektr va gaz ta’minotini yaxshilash kabi takliflar bildirildi.
– Korxonamiz 5 yildan beri yurtimizda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini Rossiya, BAA va boshqa davlatlarga eksport qilmoqda, – deydi “Zangiota tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Jamshid Abdullayev. – Mavsumda 50 kishining bandligini ta’minlaymiz. Mamlakatimiz bo‘yicha 25 mingdan ziyod oilalar bilan ishlaymiz, ularning tomorqalarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qadoqlab, chetga eksport qilamiz. So‘nggi paytlarda qishloq xo‘jaligi ekinlariga turli zararkunanda hashoratlarning zarar yetkazayotgani tufayli mahsulotlar sifatiga salbiy ta’sir qilyapti. Shu sababli mavsumda tarmoq xo‘jaliklari va tomorqalarda agrotexnik tadbirlarni samarali amalga oshirish zarur. Viloyat hokimi bu taklifimni ijobiy baholab, maxsus ishchi guruh tashkil qilish, joylarda amaliy ishlarni boshlash lozimligi bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berdi.
Tadbirda muddat talab etadigan muammolar yuzasidan tegishli tartibda chora-tadbirlar belgilandi. Qonuniy yechimga ega bo‘lmagan ba’zi masalalarga huquqiy maslahatlar berildi.
A.Musayev, O‘zA