Tadbirkorga imkoniyat — mamlakatga taraqqiyot
Deputat nigohida: Xorazmdagi ochiq muloqotdan muhim xulosalar
Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotning bu yilgi Xorazm zaminida o‘tkazilgani ramziy ma’noga ega. Tarixiy manbalarga nazar tashlasak, Xorazm azaldan savdo-sotiq, hunarmandchilik va tashqi iqtisodiy aloqalar rivojlangan hududlardan biri bo‘lgan. Bugun esa mana shu zaminda zamonaviy tadbirkorlik, eksport va ishbilarmonlik muhitini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinayotgani tarixiy an’analarning bugungi kun bilan uyg‘unlashib borayotganidan dalolatdir.
Mamlakatimizda kichik imkoniyatni katta biznesga aylantirish, xonadondan boshlangan tashabbusni mahalla, tuman va hudud miqyosiga, kerak bo‘lsa, xalqaro bozorlarga olib chiqish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Eng muhimi, bu jarayon mahalla va xonadondan boshlanmoqda. Bugun o‘zining kichik ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘ygan, xizmat ko‘rsatayotgan yoki mahsulotini xorijga eksport qilayotgan har bir tadbirkor nafaqat o‘z oilasi farovonligini ta’minlamoqda, balki yangi ish o‘rinlari yaratib, yurt iqtisodiy salohiyatiga munosib hissa qo‘shmoqda. Shu ma’noda, har bir tadbirkor — mamlakat ertasiga daxldor inson.
Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar bugun mamlakatimizda yaxshi an’anaga aylandi. Bu yilgi muloqot oldidan ham 15-maydan boshlab keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borildi. Hozirga qadar 50 dan ortiq vazirlik va idoralar yordamida tuzilgan shtab orqali tadbirkorlarning murojaatlari qabul qilinib, ularning muammolari o‘rganildi, faoliyati tahlil qilindi.
Tayyorgarlik jarayonida 750 dan ortiq uchrashuv o‘tkazildi. Bu raqamlar ortida esa oddiy statistika emas, balki minglab tadbirkorlarning tashabbusi, muammosi, orzusi va kelajak rejalari turibdi. Bir jihatni alohida ta’kidlash joiz: bugun tadbirkor davlatdan faqat yordam kutayotgan inson emas. U o‘z tashabbusi, mehnati va mas’uliyati bilan mamlakat taraqqiyotiga daxldor bo‘lishga harakat qilayotgan faol kuchga aylanmoqda.
Ochiq muloqotlarning yana bir muhim jihati shundaki, bu maydonda nafaqat muammolar muhokama qilinadi, balki yaxshi natija ko‘rsatayotgan tadbirkorlar rag‘batlantiriladi, ularning tajribasi ommalashtiriladi va yangi marralar sari ruhlantiriladi. Joriy yilda turli sohalarda munosib natijalarga erishib, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan tadbirkorlarning bugungi muloqotda ishtirok etayotgani ham buning yaqqol ifodasidir.
Mamlakatimizda tadbirkorlik sohasidagi o‘zgarishlarni raqamlar orqali ham yaqqol ko‘rish mumkin. Ochiq muloqotlar boshlangan davrda mamlakatimizda tadbirkorlar soni qariyb 283 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugun ularning soni 1,5 million nafarga yetdi. Bu shunchaki statistik o‘sish emas. Bu jamiyatda tadbirkorlikka bo‘lgan munosabat, ishonch va imkoniyatlar tubdan o‘zgarib borayotganini anglatadi.
Eksport sohasida ham salmoqli natijalar qayd etilmoqda. 2020-yilda mamlakatimiz eksporti hajmi qariyb 15 milliard dollar bo‘lgan bo‘lsa, bugun ushbu ko‘rsatkich 34 milliard dollarga yetgani ta’kidlanmoqda. Demak, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, tadbirkorlikni rivojlantirishdan asosiy maqsad yangi ish o‘rinlari yaratish, aholiga mahallaning o‘zida daromad topish imkonini berish va iqtisodiyotda xususiy sektorning o‘rnini yanada mustahkamlashdir. So‘nggi besh yilda biznesga to‘siq bo‘lgan minglab masalalarga yechim topilib, bu sohada 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilingan. Tadbirkorlarga ajratilayotgan kreditlar hajmi qariyb uch barobar oshib, 450 trillion so‘mga yetgan.
Bu raqamlar davlatning tadbirkor bilan birga harakat qilayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, Xorazm misoli e’tiborga molik. Viloyat iqtisodiyotining 72 foizini kichik biznes yaratmoqda. Eksportda kichik biznes ulushi bo‘yicha Xorazm mamlakatimizda birinchi o‘ringa chiqdi. Hududga qisqa davrda 4 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, 10 mingta yangi quvvat ishga tushirildi. Demak, tabiiy resurslari cheklangan hududda ham tadbirkorlik va inson salohiyati asosiy iqtisodiy kuchga aylanishi mumkin.
Muloqotda bildirilgan yangi tashabbuslar esa tadbirkorni faqat kredit bilan ta’minlash emas, balki uning g‘oyasidan tortib katta biznesga aylanguniga qadar hamrohlik qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli. “Biznes start”, “Biznes lift” va “Biznes yuksalish” dasturlari shu maqsadga xizmat qiladi. Shuningdek, kichik biznes uchun garov masalasini yengillashtirish, davlat aktivlari va yer uchastkalaridan samarali foydalanish, sun’iy intellektni ishlab chiqarish va xizmatlarga keng joriy etish, milliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqish bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi.
Bugun mamlakatimizda tadbirkorlikka munosabat o‘zgarmoqda. Endi vazifa yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, har bir hududning ichki salohiyatini ishga solish va mahallada boshlangan kichik tashabbusni katta biznesga aylantirishdir.
Xorazmdagi ochiq muloqot ham aynan shu haqiqatni tasdiqladi: tadbirkor kuchli bo‘lsa — iqtisodiyot kuchli, iqtisodiyot kuchli bo‘lsa — xalq farovon bo‘ladi.
Guljan Xalmuratova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O’zLiDeP fraksiyasi, Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi
O‘zA