Tadbirkor yana o‘nta ish o‘rni yaratadi
“Buxoroi Sharif” mahalla fuqarolar yig‘ini Buxoro viloyati Kogon shahrining ikkinchi ma’muriy sektori hududida bo‘lib, bunda aholi daromadlarini oshirish, ehtiyojmand oilalarning mehnatga layoqatli a’zolari bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bo‘sh, qarovsiz qolgan binoda mahalliy chevarlardan biri Bahora Jumanazarova tikuvchilik sexini tashkil qilganiga ko‘p bo‘lmadi. Birgina tashabbus tufayli endilikda mahalladagi 14 nafar xotin-qiz daromadli ish bilan ta’minlanmoqda. Ahamiyatli jihati, ularning aksariyatini shu kunga qadar nochor sharoitda umrguzaronlik qilib kelgan oilalar ayollari tashkil etmoqda.

Kogon shahar hokimi Hayot Davlatov prokuror Shohjahon Ergashev bilan birgalikda mahallada bo‘ldi. Tikuv sexi faoliyati bilan yaqindan tanishgan holda tadbirkor Bahora Jumanazarova faoliyatini kengaytirish, mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali ish o‘rinlari yaratish va chevarlar jamoasi moddiy manfaatdorligini oshirishga doir tavsiyalarini berdi.
Tadbirkor ayol sex ishini rivojlantirish uchun bichuv stoli va 10 dona zamonaviy rusumdagi tikuv mashinasiga ehtiyoji borligini bildirdi. Shu yerda tegishli tijorat banki bilan bog‘langan holda tadbirkor ayol taklifiga doir amaliy yordam berish imkoniyati ko‘rildi. Bank imtiyozli kredit mablag‘i asosida tadbirkor talab-istagi qondiriladigan, kerakli asbob-uskunalar olib beriladigan bo‘ldi.

–Tuman rahbarlari o‘zlari holimizdan xabar olib, taklifimizni tezkor o‘rganib, hademay zarur jihozlarni yetkazib berishi bizni juda mamnun qildi, – deydi sex rahbari Bahora Jumanazarova. – Nasib bo‘lsa, qo‘shimcha bichuv stoli va tikuv mashinalarini qabul qilsak, yana 10 nafar ishsiz xotin-qizni ish bilan ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri