Tadbirkor va fermerlar muammolari o‘rganildi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi kichik biznes vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, ularning samarali loyihalarini amalga oshirishiga ko‘maklashmoqda.
Xususan, Angren shahrida partiya tashabbusi bilan “Tadbirkorlarga huquqiy yordam” va “Fermer va dehqon xo‘jaliklariga huquqiy yordam” aksiyalari doirasida keng qamrovli ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Atxam Nazirqulov, partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri Baxtiyor Ruhitdinov, O‘zLiDeP Toshkent viloyati Kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyev, hududiy adliya, banklar shahar bo‘limlarining mutasaddi va rahbarlari, savdo-sanoat palatasi va bandlik idoralari mutasaddilari, partiya faollari hamda 100 nafardan ortiq tadbirkor va fermerlar ishtirok etdi.

Muloqotni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad tadbirkorlar va fermerlarning huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy sohalarda duch kelayotgan real muammolarini tinglash, ularni joyida hal etish, shuningdek, tizimli yechimlar ishlab chiqish va amaliy yordam berishdir.

– Bunday uchrashuvlar joylarda tadbirkorlik muhitini yaxshilash va yangi qonunchilik tashabbuslarini shakllantirish uchun asos bo‘ladi. Zotan, tadbirkorlarning samarali faoliyati mamlakatimiz iqtisodiyotining asosidir. Shu maqsadda Adliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda ushbu tashabbusni boshladik, – deydi partiya Toshkent viloyat Kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyev.

Ochiq muloqotda asosiy e’tibor tadbirkorlar va fermerlarning faoliyatida uchrayotgan huquqiy, iqtisodiy va tashkilotchilikka oid muammolarni aniqlash, ularga amaliy va huquqiy ko‘mak ko‘rsatishga qaratildi. Tadbir ishtirokchilari tomonidan ko‘tarilgan masalalar joyida hal etishga harakat qilindi. Ayrim muammolar yuzasidan deputatlik so‘rovlari tayyorlandi va tegishli tashkilotlarga murojaat yo‘llash belgilandi.

Ayniqsa, baliqchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam berish, yer ajratishdagi kechikishlar, banklar bilan hisob-kitobdagi murakkabliklar, soliq tizimidagi tushunmovchiliklar bo‘yicha murojaatlar ko‘p bo‘ldi. Fermerlar esa suv ta’minoti, agrotexnika masalalari, mehnat resurslari bilan bog‘liq muammolarni ko‘tardi.
Uchrashuv natijalari asosida aniqlangan tizimli muammolar ro‘yxati shakllantirilib, ularni bartaraf etish yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish bo‘yicha kelishib olindi.
A.Musayev, O‘zA.