Tadbirkor ayollarning mahorati munosib baholandi
Shu kunlarda mahalla fuqarolar yig‘inlarida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasining “Ishbilarmon ayol” ko‘rik tanlovlari davom etmoqda. Mahallalarda saralash bosqichi yangidan-yangi ishbilarmon, tadbirkor, hunarmand, fermer xotin-qizlarni kashf etib, ular faoliyatini ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etyapti.
Romitan tumanining “Hofizrabot” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Gulhayo Roziqova mahalladagi tikuvchilikka qiziqadigan uddaburon ayollardan biri. O‘zi bir nechta korxonada ish o‘rganib, tajriba orttirgach, mahallasi hududida tikuv sexi tashkil etdi. Shu sohaga ishtiyoqi baland ayollardan o‘tgan davr mobaynida yuzlab shogirdlar tayyorlashga kirishdi. Ularning ko‘pchiligi endilikda mustaqil faoliyat olib borib, ro‘zg‘orlari daromadini oshirishga erishmoqda. Hozirgi paytda tikuv sexida mahalladagi “Ayollar daftari” ro‘yxatidagi 4 nafar ayolning bandligi ta’minlangan. G.Roziqova va uning shogirdlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan tayyor kiyim-kechaklar ichki bozorda sotilmoqda. Tikuvchi ayol kelgusida imtiyozli kredit asosida faoliyatini kengaytirib, yangi ish o‘rinlari yaratishni maqsad qilib qo‘ygan.

Ishbilarmon ayol tikuvchilik bilan shug‘ullanibgina qolmay gulchilik yo‘nalishida ham ish olib borib, bu borada ham ko‘zlagan natijalarga erishmoqda.
Ushbu mahalla fuqarolar yig‘inining “Tayloq” qishlog‘ida yashovchi hunarmand ayollardan yana biri Shoira Baxshullayeva bo‘lib, u o‘z xonadonida ko‘rpa-to‘shak bichish, tikish va qavishni yo‘lga qo‘ygan. O‘z hunarini 2 nafar mahalladoshiga ham o‘rgatgan. Bugungi kunda ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan sifatli mahsulotlar ko‘pchilikka manzur bo‘lyapti.

Sevara Tashpo‘lotova “Zarafshon” mahalla fuqarolar yig‘inida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat olib borayotgan ayollardan biridir.
– Faoliyatimizni 2021 yilda boshladik, – deydi tadbirkor Sevara Tashpo‘lotova. – Bugungi kunda tikuv sexida 3 nafar shogirdim bilan tayyorlab kelayotgan bejirim elita pardalarimiz va barcha turdagi zamonaviy liboslarni buyurtmachilarga o‘z vaqtida yetkazib beryapmiz.

Ko‘rik-tanlov hakamlar hay’ati a’zolari G.Roziqova, Sh.Baxshullayeva va S. Tashpo‘lotovalarni “Ishbilarmon ayol – 2024” ko‘rik-tanlovining keyingi bosqichlarida ishtirok etishga tavsiya etdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.