Tadbirda yoshlar faol ishtirok etdi
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani “Paxtakor” mahallasida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari o‘tkazildi.
Yoshlar va xotin-qizlar ishtirok etgan futbol va voleybol musobaqasi qizg‘in kurashlarga boy bo‘ldi. Futbol musobaqasida paxtakorlik yoshlardan tashkil topgan 8 ta jamoa “Hokim kubogi” uchun maydonga tushdi. Birinchi o‘rinni “Paxtakor” ko‘chasi, ikkinchi o‘rinni “Ulug‘bek” ko‘chasi va uchinchi o‘rinni “Shohimardon” ko‘chasi jamoasi egalladi.
Tuman markazidagi 8 ta shahar mahallalaridagi 18-30 yoshli xotin-qizlar o‘rtasida voleybol bo‘yicha “Prokuror kubogi” musobaqasi ham murosasiz kurashlar ostida o‘tdi. Unda “Istiqlol” ayollar jamoasi g‘olib bo‘ldi.
[gallery-6499]
“Zukko kitobxon”, “Yosh kitobxon oila” ko‘rik tanlovlari, "Zakovat" intellektual o‘yini ham o‘tkazildi. Ishtirokchilar soni 6 nafardan bo‘lgan 30 ta jamoa o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” o‘yini munozara va bahslarga boy bo‘ldi. Birinchi bosqichda 30 ta jamoadan 8 tasi saralandi. Ikkinchi bosqichda ular orasidan eng kuchli to‘rtta jamoa aniqlandi. Murosasiz kechgan 3 bosqich natijalariga ko‘ra faxrli birinchi o‘rinni “Tashabbus” mahallasi yoshlari egalladi. G‘oliblar noutbuklar bilan taqdirlandi. Ikkinchi o‘rinni “Istiqlol” va uchinchi o‘rinni “Arna” mahallasi yoshlari egalladi. Ushbu jamoa vakillariga tuman hokimi tomonidan televizor va mikroto‘lqinli pechlar topshirildi.
Qorako‘l tumani madaniyat markazida hafta davomida tumanda bo‘lib o‘tgan yoshlar tadbirlarining g‘olib jamoalarini taqdirlashga bag‘ishlangan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Xurshid Tohirov boshchiligida sektor rahbarlari va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi. Tumanda yoshlar siyosatini amalga oshirish, jumladan, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ish bilan ta’minlash borasidagi ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Samimiy suhbat tarzida o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar ham o‘z fikr-mulohalarini bildirdi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA