Tadbircore.uz – turli banklarning takliflarini bir joyda jamlagan platforma
Bir bankdan ikkinchisiga borib, har safar qaytadan hujjat topshirishdan charchagan tadbirkorlar uchun yaxshi yangilik bor.
Markaziy bankning tadbircore.uz platformasi bir oydan beri sinov rejimida ishlayapti. G‘oya juda qulay: bitta joyda ariza topshirasiz, turli banklarning takliflarini ko‘rasiz va o‘zingizga mosini tanlaysiz. Ya’ni tadbirkorlar uchun haqiqiy one-stop shop.
Natijalar ham yomon emas: bir oyda qariyb 1,5 mingta ariza kelib tushgan va 415 ta kredit ajratilgan. Kredit olganlarning 46 foizi mikrobiznes, 21 foizi esa yakka tartibdagi tadbirkorlar. Yana bir qiziq raqam: 41 nafar tadbirkor ilgari mijoz bo‘lmagan bankdan kredit olgan. Demak, endi faqat tadbirkor bank izlamaydi – banklar ham yaxshi mijoz uchun raqobatlashishni boshlayapti.
Platforma hali sinov bosqichida, shuning uchun aynan hozir kirib ko‘rish qiziq. tadbircore.uz orqali ariza yuboring, jarayonni sinab ko‘ring va fikringizni qoldiring. Faqat oldindan E-IMZO tayyorlab qo‘ying – ariza topshirishda kerak bo‘ladi. Qulay ishlasa – ayting, qayerdadir qiynalsangiz – uni ham yozing. Platforma aynan real foydalanuvchilar tajribasi asosida yaxshilanmoqda.
O‘zA