Tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlaydigan boshqaruv shakli rivojlantiriladi
Mamlakatimizda yaylovlarni muhofaza qilish, ulardan samarali va oqilona foydalanishni tashkil etish hamda yaylov xo‘jaligini rivojlantirishga alohida yondashilmoqda.
Ayni yo‘nalishda boshqaruvning ixcham va samarali tizimini joriy etish, chorvachilik xo‘jaliklarining yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini e’tirof etish kabi jihatlar Prezidentimizning “Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror bilan mustahkamlangan.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamkorligida “2026-yil – Xalqaro yaylovlar va chorvadorlar yili” munosabati bilan seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Birlashgan millatlar tashkilotining Xalqaro oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikdagi grant loyihalari va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan masalalar muhokama qilindi.
Ta’kidlash kerak, 2026-yilning “Xalqaro yaylovlar va chorvadorlar yili” deb e’lon qilinishi yaylovlar va chorvadorlarning ahamiyati haqida xabardorlikni oshirish, chorvachilik sohasidagi faol investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qulay imkoniyat yaratdi, deyiladi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi ma’lumotida.
Bunda, albatta, chorvadorlarning yer va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishini ta’minlaydigan an’anaviy va inklyuziv boshqaruv shakli rivojlantiriladi.
Marhabo Hojiakbarova, O‘zA