Tabiiy gazdan xavfsiz foydalanish zarur
“Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali va uning shahar, tuman gaz idoralari tomonidan joylarda is gazidan zaharlanishning oldini olish, energiya tejamkor gaz yondirgichlarini o‘rnatish yuzasidan targ‘ibot-tashviqot hamda o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumki, is gazi rangsiz, hidsiz zaharli birikma bo‘lib, tabiiy gaz, yoqilg‘i, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘lari to‘liq yonmasligi oqibatida hosil bo‘ladi. Sertifikatga ega bo‘lmagan, qo‘lbola nostandart gaz jihozlaridan foydalanish, isitish pechlarining dudbo‘ronlari noto‘g‘ri o‘rnatilishi, isitish anjomlarini dam olish xonalariga olib kirish va boshqalar is gazidan zaharlanishga olib kelishi mumkin.
Qiziltepa tumanining Alisher Navoiy mahallasidagi 2 ta ko‘pqavatli uy va hovli xonadonlarida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbiri davomida ayrim xonadonlarda nostandart pechlar mavjudligi, ba’zi birlarida esa dudbo‘ronlarning xavfsizlik qoidalariga zid o‘rnatilganligi aniqlanib, zarur choralar ko‘rildi. Iste’molchilarga bu kabi holatlarning xavfli oqibatlari misollar yordamida tushuntirildi. Shuningdek, mavzuga oid zarur eslatmalar tarqatildi.
Mahallada oktyabr oyida gaz jihozlariga 160 ta texnik va profilaktik xizmat ko‘rsatildi. Yil boshidan buyon esa 428 ta energiya tejamkor gaz yondirgichlari o‘rnatildi.
– Tumanimizda 22 ming 832 ta tabiiy gaz iste’molchisi bor, – deydi “Qiziltepatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi yetakchi muhandisi Rasul Jo‘rayev. – Jami 50 ta mahallada navbat bilan tabiiy gazdan to‘g‘ri foydalanishga doir targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazib kelyapmiz. Ko‘p qavatli uylarda nostandart pechlar o‘rnatib olingani, dudbo‘ronlar kuz-qish mavsumi oldidan tozalanmagani holatlariga ham duch keldik. Bu bo‘yicha fuqarolar bilan muhim tushuntirishlar olib borildi.
Albatta, gaz jihozlarining texnik sozligi, texnik va profilaktik ko‘rikdan o‘tkazilib turilishi turli noxush holatlarning oldini olishga xizmat qiladi. Birgina joriy yilning oktyabr oyida gaz uskunalariga 19083 ta texnik va profilaktik xizmat ko‘rsatildi. Shu bilan birga 9 oy mobaynida 8940 ta energiya tejamkor gaz uskunasi o‘rnatilishi ta’minlandi.
Soha xodimlari tomonidan aholi xonadonlaridagi gaz jihozlarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish, energiya tejamkor gaz uskunalarining gaz sarfini tejashi, qulay va xavfsiziligi, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish, tabiiy gazdan oqilona foydalanish borasidagi targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri