Tabiatga munosabat — millatning madaniyati, davlatning mas’uliyati
Dunyo bugun noaniqlik va ziddiyatlar girdobida. Savdo urushlari, energiya inqirozlari, mintaqaviy mojarolar va inflyatsiya to‘lqini ko‘plab davlatlarni qiyin sinovga solmoqda. Ayni shu fonda O‘zbekiston izchil va jadal sur’atlarda oldinga intilmoqda. Buni xalqaro moliya institutlari, nufuzli nashrlar va dunyo ekspertlari ham e’tirof etmoqda. Bunday murakkab sharoitda mamlakat taraqqiyotining barqarorligini ta’minlash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish va ekologik xavfsizlikni mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida e’lon qilingan yetti milliy dastur aynan shu maqsadlarga xizmat qiladi. Xususan, suv va tabiiy resurslarni tejash, ekologik barqarorlikka erishishga qaratilgan to‘rtinchi milliy dastur mamlakatimizda ekologik siyosatning yangi bosqichi boshlanganidan dalolat beradi. Shu va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Abdushukur Hamzayev bilan suhbatlashdik.
— Dunyo bugun jiddiy geosiyosiy turbulentlik va iqtisodiy depsinish davrini boshidan kechirmoqda. Shunday sharoitda O‘zbekiston nafaqat barqarorligini saqlab qolmoqda, balki jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Buning sababi nimada deb o‘ylaysiz?
— Haqiqatan ham bugun dunyo juda murakkab bir pallani boshdan kechirmoqda. Savdo to‘siqlari, logistika zanjirlarining uzilishi, geosiyosiy mojarolar — bularning barchasi ko‘plab mamlakatlarning iqtisodiyotiga og‘ir zarba bermoqda. Xo‘sh, shunday sharoitda O‘zbekiston qanday qilib o‘sishni davom ettirmoqda — bu haqli savol?
Javobi oddiy: chunki bizda izchil, uzoqni ko‘zlagan va ayni paytda xalq manfaatiga xizmat qiladigan davlat siyosati bor. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev davlatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan nutqida buni juda aniq ta’kidladilar: global logistikadagi uzilishlar, dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, biz 2030-yilga rejalashtirilgan 160 milliard dollarlik yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichiga shu yilning o‘zidayoq erishmoqdamiz. Bu tasodif emas, bu siyosiy iroda va aqlli o‘ylangan ko‘p vektorli siyosat natijasidir.
Raqamlarga e’tibor qaratsak, agar ilgari iqtisodiyotimizga yiliga atigi 2–3 milliard dollar xorijiy investitsiya kirgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 40–50 milliard dollarga yetdi. Xalqaro valyuta jamg‘armasining rasmiy bayonotida ham 2025-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,7 foiz o‘sgani, ishsizlik darajasi pasaygani, inflyatsiya esa sezilarli darajada kamaygani alohida ta’kidlangan. Bunday natija mintaqamizda, hatto butun Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Demak, dunyo larzonlik, turbulentlik iskanjasida qolgan paytda ham biz o‘z yo‘nalishimizni yo‘qotmayapmiz, aksincha, mustahkamlayapmiz.
— Dunyo hamjamiyati, xalqaro tashkilotlar va nufuzli nashrlar O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni qanday baholamoqda? Bunga misollar keltira olasizmi?
— Misollar ko‘p va ular tasodifiy emas, izchil tizimli e’tiroflardir. Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Vashington shahri meri Myuriel Bauzer 2026-yil 1-sentabrni Kolumbiya okrugida rasman “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi kuni” deb e’lon qildi. Hujjatda alohida ta’kidlanganidek, bu qaror O‘zbekistonning “xalqaro hamjamiyatdagi ortib borayotgan obro‘-e’tiborini” tan olish ifodasidir. O‘ylab ko‘ring, AQSHning poytaxtida boshqa bir davlatning mustaqillik kunini rasman nishonlash qarori qabul qilinishi bu oddiy hodisa emas.
Xuddi shunday, Xitoyning nufuzli “Lookwe” jurnali O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga maxsus sonini bag‘ishlab, mamlakatimizdagi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalardagi islohotlar va ularning natijalarini ingliz va xitoy tillarida dunyo jamoatchiligiga yetkazdi. Bu nashr Xitoyning vazirlik va idoralari, diplomatik vakolatxonalari, xalqaro tashkilotlari hamda yirik tahlil markazlari orasida tarqatilmoqda. Demak, bizning tajribamizni eng yuqori darajada dunyo o‘rganmoqda.
Moliyaviy institutlarga kelsak, Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2026-yilgi yakuniy bayonotida O‘zbekiston iqtisodiyotining 2025-yildagi o‘sishini “g‘ayrioddiy darajada kuchli”, deb ta’rifladi. Jahon banki esa O‘zbekistonni Yevropa va Markaziy Osiyoning eng tez o‘sayotgan beshta iqtisodiyoti qatoriga qo‘shdi. Bunga Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan e’lon qilingan 13,7 milliard dollarlik investitsiya hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonni o‘zining eng ustuvor besh yo‘nalishidan biriga kiritib, 90 dan ortiq loyihaga 2 milliard yevrodan ziyod mablag‘ ajratgani ham misol bo‘la oladi. “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimizning 80 pog‘onaga yaxshilangani ham mustaqil, chetdan kelgan baholar, biz o‘zimiz aytgan gaplar emas.
— Sizningcha, bunday natijalarning tagida qanday siyosat yotibdi?
— Men buni bir so‘z bilan ta’riflayman — davlatimiz rahbarining oqilona va odilona ko‘p vektorli siyosati. Prezidentimiz mustaqillik bayramidagi nutqida ham buni alohida ta’kidladi: “ko‘pqirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosat”ni davom ettirish, bu shunchaki shior emas, amalda isbotlangan yo‘nalish.
Bugungi kunda mamlakatimiz diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi. Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik muhiti yaratildi, chegara masalalari tinch yo‘l bilan hal qilindi, bu mintaqamiz tarixida juda muhim yutuq. Shu bilan birga, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mamlakatlari, arab-musulmon dunyosi bilan aloqalar mustahkamlanmoqda, Sharqiy Yevropa, Afrika, Lotin Amerikasida esa yangi yo‘nalishlar ochilmoqda. 2027–2029-yillarda esa O‘zbekiston 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan Qo‘shilmaslik harakatiga ilk bor raislik qiladi, bu jahon siyosatida mamlakatimizning obro‘-e’tiborini yanada kuchaytiradi.
Mana shu — na Sharqqa, na G‘arbga qaram bo‘lmagan, barcha bilan teng huquqli hamkorlik qiladigan, milliy manfaatni ustuvor qo‘yadigan siyosat bugungi geosiyosiy turbulentlik sharoitida O‘zbekistonga barqarorlik va taraqqiyot olib kelmoqda. Boshqa mamlakatlar turli bloklarga qaramlik tufayli qiynalayotgan paytda, aynan ko‘p vektorli, mustaqil yo‘l bizni himoya qilmoqda va rivojlantirmoqda.
— Prezidentimizning o‘ttiz besh yillik bayram tantanasidagi nutqida e’lon qilingan yetti milliy dastur katta e’tiborga sazovor bo‘ldi. Siz buni qanday baholaysiz?
— Bu — haqiqatan ham tarixiy e’lon, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Prezidentimiz o‘zlari ta’kidlaganidek, mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda va kelgusi o‘n yillik — milliy yuksalish davri bo‘ladi. Yettita milliy dastur — ta’lim va malaka, sog‘liqni saqlash, yuqori texnologik iqtisodiyot, suv va ekologiya, sud mustaqilligi hamda qonun ustuvorligi, mahalla, va nihoyat tinchlik hamda do‘stlik diyori sifatidagi xalqaro nufuz — bular bir-biridan ajralgan emas, balki bir butun, uzviy tizimni tashkil etadi.
Bu dasturlarning eng muhim jihati ularning barchasi, oxir-oqibat “Inson qadri uchun!” degan yagona g‘oya atrofida birlashganida. Demak, gap faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar haqida emas, balki har bir fuqaroning turmush sifati, sog‘lig‘i, bilimi va yashash muhiti haqida bormoqda. Mana shuning uchun ham men buni davlat va jamiyatimiz rivojiga berilayotgan yangicha to‘lqin va impuls, deb atayman.

— Ekologik partiya rahbari sifatida, shubhasiz, siz uchun eng yaqin va dolzarb mavzu — to‘rtinchi milliy dastur, ya’ni suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirish masalasi. Bu dastur nega aynan bugun bunchalik muhim?
— To‘g‘ri ta’kidladingiz, bu men uchun nazariy emas, amaliy va har kuni duch keladigan masala. Prezidentimiz nutqlarida juda aniq va teran bir fikrni aytdilar: “Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda. Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi”.
Mana shu gapning ortida butun bir mintaqaning kelajagi turadi. Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan mintaqalardan biridir. Suv tanqisligi, muzliklarning erishi, cho‘llanish jarayonlari — bular ertangi kun uchun emas, bugunning o‘zi uchun tahdid. Shuning uchun Prezidentimiz belgilagan vazifa — kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga yetkazish umummilliy marraga aylanishi kerak, degan fikrga men to‘la qo‘shilaman. Bu oddiy ko‘rsatkich emas, bu aniq qo‘yilgan yuksak maqsad, kelajak avlodlarimiz oldidagi yuksak mas’uliyat va “yashil” rivojlanish strategiyasidir.
Shu bilan birga, “Yashil makon” umummilliy harakatining yangi sifat bosqichiga olib chiqilishi ham juda muhim. Maktab, bog‘cha, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinishi, yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilgani, bular har birimizning, har bir oilaning sog‘lom muhitda yashashiga bevosita ta’sir qiladi. Prezidentimiz aytganidek, “tabiatga munosabat — xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichidir”. Men buni partiyamizning asosiy shiori, desam bo‘ladi.
— Ekologik partiya va sizning fraksiyangiz bu dasturni amalga oshirishda qanday aniq qadamlar qo‘ymoqchi?
— Bizning vazifamiz — so‘zni ishga aylantirish. Birinchidan, parlament darajasida suv tejash texnologiyalarini joriy etishni rag‘batlantiruvchi, dehqon va fermerlar uchun imtiyozli sharoitlar yaratuvchi qonunchilik bazasini mustahkamlashda faol ishtirok etamiz.
Ikkinchidan, “mahallabay” tizimi orqali har bir mahallada suv va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy targ‘ibot ishlarini kuchaytiramiz. Chunki biz tajribadan bilamizki, qonun qanchalik mukammal bo‘lmasin, u xalq qalbiga yetib bormasa, natija bermaydi.
Uchinchidan, yoshlar orasida ekologik tarbiya va volontyorlik (ko‘ngillilik) harakatlarini kengaytirishni davom ettiramiz. Sababi, kelajak avlod tabiatga mas’uliyatli munosabatda ulg‘ayishi shart.
To‘rtinchidan, xalqaro moliya institutlari: Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kabi tashkilotlar bilan hamkorlikda iqlim moliyalashtiruvi loyihalarini mamlakatimizga jalb qilish borasida takliflar ishlab chiqamiz. Va, albatta, parlament nazorati orqali har bir viloyatda suv tejash ko‘rsatkichlari qanday bajarilayotganini doimiy kuzatib boramiz. Chunki bu dastur qog‘ozda emas, dalada, ariqda, kanalda, tomchilatib sug‘orish tizimlarida amalga oshishi kerak.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, tabiatga munosabat — har birimizning shaxsiy mas’uliyatimiz bo‘lmog‘i kerak. Prezidentimiz belgilab bergan yo‘nalishlar, ayniqsa, to‘rtinchi milliy dastur doirasidagi vazifalar faqat hukumat yoki parlamentning ishi emas, bu butun millatning umumiy ishidir.
O‘zA muxbiri
Muhtarama Komilova
suhbatlashdi.