Tabiatga munosabat, mas’uliyat o‘zimizdan boshlanishi lozim
15-aprel — Ekologik bilimlar kuni
Yer sayyorasining ekologik manzarasida yuzaga kelayotgan muammolar, tahdidli xavflar dunyo aholisidan yuksak ekologik madaniyat, atrof-muhit bilan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, ekologik bilim va qarashlarni muntazam boyitib borishni talab etadi. Darhaqiqat, inson va tabiat muvozanatining me’yorda bo‘lishi ko‘plab ekologik masalalar xavfini yumshatishda dolzarb ahamiyatga ega hisoblanadi.

Bu borada har yili dunyoning ko‘plab mamlakatlarida 15-aprel Ekologik bilimlar kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sana 1992-yil Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan BMT konferensiyasida atrof-muhit muammolari muhokama qilinganida ta’sis etilgan.
Bu insoniyatning hayoti va barqarorligi uchun butun dunyo aholisi o‘rtasida ekologik tarbiya katta ahamiyatga ega ekanidan kelib chiqib, ekologik bilimlarni ilgari surish, aholida ekologik madaniyatni rivojlantirish, jamiyatning ekologik xavfsizligini ta’minlash, har bir fuqaroni ekologik fikr yuritishga tayyorlashga qaratilgan.

Sir emaski, bugun atrof-muhitni asrash, aholining ekologik madaniyatini shakllantirish har qachongidan-da jiddiy masala. Bu yo‘ldagi sa’y-harakatlar, xalqaro hamkorlikdagi faoliyatlar butun insoniyat kelajagining ekologik barqarorligi garovidir.
Bugun dunyo bo‘yicha aholining soni ham, ularning ehtiyojlari va intilishlari ham kun sayin o‘sib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida, sayyoramizda kamayib ketayotgan tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va uning imkoniyatlari o‘rtasidagi muvozanatni ushlab turishni taqozo etadi. Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslarni asrash, ulardan oqilona foydalanish esa har bir insonning ekologik bilim va madaniyatiga, tabiatga nisbatan mas’uliyatiga bog‘liq.
Ekologik ta’lim va bilim uyg‘unligi yashil taraqqiyotga erishishda muhim omil hisoblanadi. Shu bois ham ekologik bilimlarga tabiat muhofazasi, ekologik muammolar yechimi usuli sifatida qaralmoqda.

Mamlakatimizda ham ekologik ta’lim-tarbiyani rivojlantirish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratib kelinadi. Bu borada davlat rahbarining “2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni, “2030-yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini taqdiqlash to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan muhim tarixiy hujjatlar bo‘ldi.
2030-yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish Konsepsiyasi aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish yo‘nalishida davlat organlarining fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorlikdagi sa’y-harakatlarini birlashtirish va qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, hujjatda aks etgan o‘sib kelayotgan yosh avlodda ekologik bilim, ong va madaniyatni shakllantirish hamda rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish, aholining barcha qatlamlarida ekologik madaniyatni, shu jumladan, “yashil” iste’mol madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan vazifalar yurtdoshlarimizning tabiatga bo‘lgan munosabatini yanada yaxshilashda dolzarb ahamiyatga ega.
Bugun bog‘cha, maktab va oliy ta’lim muassasalarida ekologik bilim va madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan mashg‘ulot va darslar tashkil etilayotgani e’tiborga molik.
Bir so‘z bilan aytganda, ekologiyaga oid bilim va ko‘nikmalarimizni oshirish birgina sanada emas, balki har kuni, har daqiqada diqqat markazimizda bo‘lmog‘i lozim. Bu tobora kengayib, dolzarb tus olib borayotgan turli ko‘rinishdagi ekomuammolarni yumshatish, atrof-muhit muhofazasida hal qiluvchi o‘rin tutadi. Zero, tabiatga munosabat, mas’uliyat o‘zimizdan, har birimizdan boshlanishi lozim.
Muhtarama Komilova,
O‘zA