Tabiat boyliklarini bolalikdan asrashga o‘rgating
O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida «Suv iste’moli madaniyatini yuksaltirish» dasturini qabul qilishga oid vazifa belgilangan. Shuningdek, ota-bobolarimizdan meros udum – yoshlar turmush qurganda, farzand tug‘ilganda yaxshi niyat bilan ko‘chat ekish odatini ommalashtirish borasida ham maqsadlar o‘z aksini topgan.
Shu kabi dasturiy maqsad-vazifalardan kelib chiqib, partiya Markaziy kengashi tashabbusi bilan respublika bolalar va o‘smirlar nashri – «Tong yulduzi» gazetasi bilan hamkorlikda yurtimizdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida «Boylikni bolalikdan asrang!» mavzusida ijodiy ishlar tanlovi o‘tkazildi.

Tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimida «Tong yulduzi» gazetasi rahbariyati, taniqli jurnalistlar, partiya faollari, tanlov g‘oliblari va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
– Bugun turli ekologik inqirozlar yuz berayotgani, suv tanqisligi ortib borayotgani har birimizni o‘yga toldiradi, – dedi partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova. – Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoda suvni eng ko‘p isrof qiladigan davlatlardan biri hisoblanar ekan. Mamlakatimizda suv resurslari cheklangan. 2040 yilga borib aholimizning 80 foizi suvsizlikdan aziyat chekishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Mutaxassislarning fikricha, 2050 yilga borib suv resurslari Sirdaryoda 5 foizga, Amudaryoda esa 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda. Aholi sonining o‘sishi esa bu boradagi muammolar ko‘lamini yanada oshiradi. Shuning uchun ham aholida suvdan, umuman tabiiy resurslardan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish bugunning eng dolzarb vazifasidir. Ayniqsa, yosh avlodni tejamkorlik, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, tabiatni asrash, atrof-muhitga ziyon yetkazmaslik, orastalik, sarishtalik kabi milliy, axloqiy qadriyatlar, oilaviy an’analar asosida tarbiyalash lozim. Shu maqsadda tashkil etilgan tanlovimiz uch yo‘nalish – maqola, she’r va rasm yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazildi. Unga o‘quvchilardan 2000 ga yaqin ijodiy ishlar kelib tushdi.

Tadbirda tanlov g‘oliblari taqdirlanib, ularning ijodiy ishlari e’tirof etildi. Maqola yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblarning ijodiy ishlari asosida tayyorlangan «Suvkellent» nomli spetakl ssenariysi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi qoshidagi «Turon» bolalar teatr jamoasi tomonidan sahnalashtirish hamda maktab sahnalarida namoyish etish uchun vazirlikka taqdim etildi. Tadbir yakunida partiya hamda «Tong yulduzi» gazetasi bog‘ini barpo etish maqsadida tanlov g‘oliblari ishtirokida Uchtepa tumanining «Shirin» mahallasida mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
M.Komilova, O‘zA