Ta’minot barqarorligi yo‘lida
Milliy matbuot markazida “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimiz iqtisodiyoti va ijtimoiy tarmoqlari, aholini qattiq yoqilg‘i bilan barqaror ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Milliy matbuot markazida “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimiz iqtisodiyoti va ijtimoiy tarmoqlari, aholini qattiq yoqilg‘i bilan barqaror ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori o‘rinbosari N.Umarov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida qattiq yoqilg‘i ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilishga qaratilgan islohotlar samarasida sanoat korxonalari, ijtimoiy obyektlar va aholining ko‘mir mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji o‘z vaqtida, sifatli qondirilayotganini ta’kidladi.
Joriy yilning o‘tgan davrida iste’molchilarga 2,7 million tonna, jumladan, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga 2,2 million, byudjet tashkilotlariga 246,5 ming, aholiga 167 ming tonna qattiq yoqilg‘i yetkazib berilgan. 68,8 ming tonna ko‘mir birja savdolari orqali sotilgan.
Aholi va byudjet tashkilotlariga mahsulotni yetkazib berishda joylarda tashkil etilgan 14 hududiy distribyutorlik markazi va ularning joylardagi 72 filiali muhim o‘rin tutmoqda. 2015-yilning yanvar-avgust oylarida markazlar orqali 310 ming tonna ko‘mir sotilgan.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 7-iyuldagi Respublika iqtisodiyoti va ijtimoiy tarmoqlarini 2015-2016-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq jamiyat tomonidan byudjet tashkilotlariga 373 ming, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga 3 million 54 tonna, aholiga 847 ming tonna ko‘mir yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.
Mavsum davrida mahsulot yetkazib berish uzluksizligini ta’minlash, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash maqsadida hududiy distribyutorlik markazlari va ularning filiallarida bayram va dam olish kunlarida ham xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 2-iyuldagi “Respublikada ko‘mir briketlari ishlab chiqarish va sotishni kompleks tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori iste’molchilarni sifatli ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda. Mazkur qaror asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Toshkent, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo, Xorazm viloyatlarida yiliga 240 ming tonna ko‘mir briketi ishlab chiqarish quvvatiga ega 31 fabrika tashkil etildi.
Foydalanishda qulay va ixcham ko‘mir briketlarini ishlab chiqarish bo‘yicha o‘tgan davrda 27 korxona bilan 175,7 ming tonna xomashyo yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan bo‘lsa, hududiy distribyutorlik markazlari va ularning filiallari tomonidan iste’molchilarga yetkazib berilgan tayyor mahsulot hajmi 28,5 ming tonnani tashkil etdi.
Iste’molchilarga ko‘mir yetkazib berish jarayonini yanada yaxshilash maqsadida ko‘mir oluvchilarning yagona elektron ma’lumotlar bazasini yaratish ustida ish olib borilmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga mutaxassislar javob qaytardi.