Ta’lim va axborot texnologiyalari
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida “Amaliy matematika va informatsion texnologiyalarning dolzarb muammolari – Al-Xorazmiy – 2014” IV xalqaro ilmiy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida “Amaliy matematika va informatsion texnologiyalarning dolzarb muammolari – Al-Xorazmiy – 2014” IV xalqaro ilmiy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti hamkorligida tashkil etilgan anjumanda dunyoning yigirmaga yaqin mamlakatidagi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari, mutaxassislar ishtirok etdi.
Konferensiyaning ochilish marosimida Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida ta’limning barcha bosqichlarida zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘qitish, undan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va joylarda uning filiallari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi mazkur yo‘nalish bo‘yicha yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlash imkoniyatini kengaytirdi.
– Buyuk alloma, algebra fani asoschisi Al-Xorazmiy nomi bilan ataluvchi mazkur konferensiya ilk bor 1979-yilda Urganchda o‘tkazilgan, – deydi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali direktori, professor Abduvali Xoljigitov. – Azaldan ilm-fan o‘chog‘i bo‘lgan yurtimizda aniq fanlarni rivojlantirish, bu borada olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida oradan o‘ttiz yil o‘tib, mazkur anjumanni an’anaviy tarzda o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. 2009 va 2012-yillarda ushbu xalqaro tadbir Toshkent shahrida tashkil etildi. Bu yil Samarqand shahri mezbonlik qilayotgan to‘rtinchi konferensiya mamlakatimizda amaliy matematika va axborot texnologiyalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish va ilm-fan yo‘nalishida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan.
Konferensiya sho‘ba majlislarida algoritmlar nazariyasi va amaliyoti, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ta’limda informatsion texnologiyalar, algebra va funksional tahlil kabi o‘ndan ziyod yo‘nalishlar bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi. Ushbu sohalarda olib borilayotgan izlanishlar bo‘yicha tajriba almashildi.
– Mazkur xalqaro anjuman O‘zbekistonda o‘tkazilayotganining o‘ziga xos sabablari bor, – deydi AQShning Klermont Mak-Kenna kolleji professori Asuman Aksoy. – Gap shundaki, ilm-fan yuksak darajada rivojlangan bugungi kunda ham dunyo olimlari foydalanadigan hisob-kitob amallari, zamonaviy texnologiyalar faoliyati ana shu zamin farzandi Al-Xorazmiy yaratgan qoidalarga asoslanadi. Algebra fani olimning “Al-jabr va al-muqobala hisobi haqida qisqacha kitob» asari asosida kelib chiqqani yaxshi ma’lum. Uning matematik hisoblarga bag‘ishlangan yana ko‘plab asarlari dunyoning barcha mamlakatlarida o‘rganiladi. Yana bir e’tiborli jihati, ayni paytda O‘zbekistonda buyuk ajdodlarga munosib avlod kamolga yetmoqda.