Ta’lim sohasida xalqaro hamkorlik
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Bosh ilmiy-metodik markazda oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Bosh ilmiy-metodik markazda oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari B.Usmonov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Bosh ilmiy-metodik markaz direktori U.Begimqulov, Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi delegatsiyasi rahbari Yu.Shterk va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekiston ta’lim tizimi jahon standartlari asosida takomillashtirilayotgani, oliy o‘quv yurtlarida zamonaviy bilim va malakaga ega kadrlar tayyorlanayotganini ta’kidladi.
Prezidentimizning 2015-yil 12-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.
O‘zbekiston va Yevropa oliy o‘quv yurtlari “Tempus” hamda “Erazmus Mundus” xalqaro ta’lim dasturlari bo‘yicha samarali hamkorlik qilib kelmoqda. 2014-2020-yillarga mo‘ljallangan “Erazmus plyus” dasturi doirasida oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotir. “Erazmus plyus” Yevropa Ittifoqining ta’lim, kasb-hunar ta’limi va sport sohasidagi dasturi bo‘lib, u turli mamlakatlar talabalariga Yevropa oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olish, universitetlar o‘qituvchilariga o‘z malakasini oshirishga ko‘maklashadi.
Anjumanda “Erazmus plyus” loyihasi doirasida oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarining kasb mahoratini yanada oshirish, ta’lim dasturlarini takomillashtirish, bu borada xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Seminarda oliy ta’lim tizimida xalqaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.