Ta’lim sifati va bitiruvchilar bandligi
Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamda Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi tomonidan “Ta’lim muassasalarida o‘qitish sifatini oshirish, bitiruvchilarni ishga joylashtirishga oid vazifalar ijrosi yuzasidan deputatlik nazoratini ta’minlashning o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
senatorlar e’tiborida
Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamda Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi tomonidan “Ta’lim muassasalarida o‘qitish sifatini oshirish, bitiruvchilarni ishga joylashtirishga oid vazifalar ijrosi yuzasidan deputatlik nazoratini ta’minlashning o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, xalq deputatlari Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyat, tuman va shahar Kengashlarining doimiy komissiyalari raislari, Respublika o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Mehnat, Xalq ta’limi vazirliklari va ularning viloyat boshqarmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Z.Nizomxo‘jayev, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi axborot-metodik xizmati rahbari M.Xolmuhamedov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni bu borada mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. 9+3 sxemasi bo‘yicha yangi – 12-yillik umumiy majburiy bepul ta’lim tizimi joriy etilishi tufayli o‘quvchilar umumta’lim muassasalarida saboq olganidan so‘ng, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi dargohlarida o‘zi qiziqqan soha bo‘yicha kasb-hunar o‘rganib, kichik mutaxassis diplomiga ega bo‘lmoqda. Natijada har yili kasb-hunar kollejlarini bitirayotgan minglab yoshlar mehnat faoliyatini boshlab, jamiyatda o‘z munosib o‘rnini topmoqda.
Ishtirokchilar ta’lim sifatini oshirishda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashning yangi usullarini joriy etish asosida innovatsion g‘oyalar va zamonaviy axborot mahsulotlarini ishlab chiqish, ta’lim sifati va uzluksizligini ta’minlash, pedagog kadrlar malakasini oshirish, yangi texnologiyalardan foydalanish asosida o‘quv jarayonini muttasil takomillashtirib borish zarurligini ta’kidladi.
– Ta’lim muassasalarida o‘qitish sifatini oshirish, bitiruvchilar bandligini ta’minlashda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari, davlat va jamoat tashkilotlari, yirik ishlab chiqarish korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari hamda ta’lim muassasalarining o‘zaro hamkorligi muhim ahamiyatga ega, – deydi Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari G.Alimova. – Ushbu yo‘nalishda mahalliy Kengashning yoshlar siyosati va sog‘lom avlod masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi a’zolari, deputatlar ta’lim tizimining holatini doimiy tahlil va nazorat qilishi, ta’lim sifatini yanada oshirish, maktab, litsey va kollejlarda o‘quv jarayonini takomillashtirish kabi dolzarb vazifalarni o‘rganib borishi maqsadga muvofiqdir.
Tadbirda ta’lim muassasalarida o‘qitish sifatini oshirish, bitiruvchilarni ishga joylashtirishga oid vazifalar ijrosi yuzasidan deputatlik nazoratini ta’minlashda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalar bo‘yicha fikr almashildi.
Shu kuni Samarqand viloyati hokimligida Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi tomonidan “Mahalliy vakillik organlari faoliyatini tashkil etish masalalari” mavzusida mintaqaviy seminar ham bo‘lib o‘tdi.