Szibo shahrida jahon yoshlari to‘plandi
Xitoyda bo‘lib o‘tgan “Sziboda uchrashuv” xalqaro yoshlar konferensiyasida 20 dan ortiq mamlakatdan yoshlar, jumladan O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Mazkur nufuzli anjuman turli davlatlar yosh yetakchilari o‘rtasida tajriba va fikr almashish, o‘zaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlash uchun o‘ziga xos maydon sifatida ta’lim, fan, madaniyat, biznes kabi turli sohalar vakillarini bir joyga jamladi.

O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov ishtirokchilarga qutlov yo‘llab, o‘z murojaatida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro loyihalarda faol ishtirok etishi uchun ularga sharoit yaratish Markaz faoliyatining ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining yoshlar hamkorligini mustahkamlash, ularning ijodkorligini rag‘batlantirish, yetakchilik fazilatini rivojlantirishga qaratilgan “SHHT – ijodiy g‘oyalar, yoshlar tashabbuslari makoni” dasturini amalga oshirish tashabbusi nechog‘li muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.

Tashkilotchilar tomonidan turli mamlakatlar yoshlari o‘rtasidagi munosabatga oid keng ko‘lamli mavzular tanlangan. Ishtirokchilar zamonaviy dunyoda yoshlar duch kelayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilib, muammolarni hal etish yo‘llarini taklif qildilar.
Xususan, mavjud aloqalarni chuqurlashtirishga qaratilgan umumta’lim maktablari hamdo‘stlik hamjamiyatini yaratish fikri ma’qullandi. Shuningdek, milliy madaniy meros sohasida faoliyat yuritayotgan yosh tadbirkorlar ishtirokida onlayn-vorkshop uyushtirishga kelishildi. Bundan ko‘zlangan maqsad tadbirkorlik faoliyati orqali madaniy merosni saqlash va targ‘ib qilish bo‘yicha tajriba hamda g‘oyalarni almashish.

Loyihalarni boshqarish, moliyalashtirish, marketing, mahsulot va xizmatni iste’molchiga taqdim etish bilan bog‘liq turli jihatlar muhokama qilindi.
Bundan tashqari barqaror rivojlanishning innovatsion yechimi bo‘yicha “Yoshlar barqaror rivojlanish uchun” media-almashinuv dasturini ishlab chiqish taklifi o‘rtaga tashlandi. Global muammolarni hal qilishga yangicha yondashuvlar aks etgan video materiallar yaratishni nazarda tutgan ushbu loyiha dunyo yoshlari keng ko‘lamda foydalanishi va o‘z g‘oyalarini taqdim etishi uchun turli tillarga tarjima qilinadi.

Konferensiya yoshlarning boshqa mamlakatlarda yo‘lga qo‘yish uchun namuna bo‘la oladigan muvaffaqiyatli tashabbus va loyihalar ilgari suriladigan muhim maydonga aylandi. Xususan, Markaz yoshlarining bir necha e’tiborga loyiq tashabbusi, jumladan “Xalq diplomatiyasi maktabi” loyihasi va SHHT yoshlar platformasi – “SCOLAR Network” Toshkent xabi faoliyati haqida ma’lumot berildi.
Mutaxassislar SHHT Markazining “Biz – bolalar, biz – dunyo” loyihasi muvaffaqiyatli qabul qilinganini qayd etib, “Zamonaviy yoshlar ilhomi” kitobi nashr etilishini ma’qulladilar. Ushbu to‘plam yoshlarning ijodiy ishlari, qarashlari hamda madaniyat va jamiyatdagi zamonaviy tendensiyalarni aks ettiradi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar taklif etilayotgan g‘oya va loyihalar turli mamlakatlar yoshlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, madaniyat, fan va tadbirkorlik sohasida yangi istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirish uchun xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.
O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.
G‘.Xonnazarov,
O‘zA