Suzish – sog‘lom hayot asosi
Sherzod ortiqcha vazn muammosiga duch keldi. Unda tezda charchash, nafas olishga qiynalish alomatlari sezildi. Shifokorlar unga davolovchi jismoniy mashg‘ulotlarni bajarish va suzish bilan shug‘ullanishni maslahat berdi.
Sherzod ortiqcha vazn muammosiga duch keldi. Unda tezda charchash, nafas olishga qiynalish alomatlari sezildi. Shifokorlar unga davolovchi jismoniy mashg‘ulotlarni bajarish va suzish bilan shug‘ullanishni maslahat berdi.Sherzod poytaxtimizdagi ixtisoslashtirilgan suv sportini rivojlantirish respublika markaziga qatnay boshladi. Muntazam mashg‘ulotlardan so‘ng u ortiqcha vazn muammosidan xalos bo‘ldi, salomatligi ancha yaxshilandi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlarni sportga keng jalb etish orqali sog‘lom, barkamol avlodni voyaga yetkazish, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirish, sport majmualaridan foydalanish samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugun yurtimizning barcha hududida bunyod etilgan zamonaviy sport majmualari bolalar bilan gavjum. Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi ixtisoslashtirilgan suv sportini rivojlantirish respublika markazi bir vaqtning o‘zida 100 dan ortiq kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega.
Markaz 2006-yili O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga qurilib, zarur anjomlar bilan jihozlandi.
– Suzish havzasi kun davomida uch yuzga yaqin mijozni qabul qilmoqda, – deydi markaz direktorining o‘rinbosari Saidkarim Usmonov. – Ularga o‘n ikki murabbiy suzish sirlarini o‘rgatmoqda. Asosiy maqsadimiz – yoshlar o‘rtasida sportni yanada ommalashtirish, yigit-qizlarni sog‘lom turmush tarziga keng jalb qilishdan iborat.
Markazdagi sog‘lomlashtirish guruhlariga bolalar 6-7 yoshdan qabul qilinadi. Mashg‘ulotlar malakali murabbiy va shifokorlar nazorati ostida tashkil etiladi. Yozgi ta’til vaqtida, odatda, ularning soni bir necha barobar oshadi.
Mashg‘ulotlar yakka tartibda suzishni o‘rganishdan boshlanadi. Suvga tushganda to‘g‘ri nafas olish, maxsus vositalar yordamida qo‘l va oyoq harakatlarini bajarish orqali bolada dastlabki ko‘nikmalar shakllantiriladi. Keyin suzish usullari o‘rgatiladi. Mashg‘ulotlar bolani zeriktirmaslik va toliqtirmaslik uchun qat’iy jadval asosida olib boriladi. Majmuada bolalar suzishning erkin, brass, batterflyay kabi olti turi bilan shug‘ullanadi.
– Sakkiz oydan buyon suzish bilan shug‘ullanaman, – deydi Sanjar G‘ulomnazarov. – Suzish inson salomatligini mustahkamlash bilan bir qatorda harakatchanlikni, jismoniy faollikni oshirishi, qat’iy kun tartibiga rioya qilishga o‘rgatishi, ruhan tetik bo‘lib ulg‘ayishda muhim ahamiyatga ega.
Keng suv havzasi va maxsus basseyn suvni tozalash, avtomatik almashtirish va filtrlash, mo‘tadil haroratni saqlash vositalari bilan ta’minlangan. Trenajyor zali, tibbiy xizmat ko‘rsatish, kiyim almashtirish va yuvinish xonalari tegishli inventarlar bilan jihozlangan.
Markazda qo‘l va oyoqlarini bir xilda harakatlantira olmaydigan yosh bolalar uchun maxsus mashg‘ulot xonasi mavjud. Unda mutaxassislar o‘g‘il-qizlarga suvda harakatlanish qoidalarini o‘rgatib, kerakli ko‘rsatmalar beradi.
– Suzish bola salomatligini mustahkamlashda, uning jismonan kuchli, qaddi-qomati raso bo‘lib o‘sishida muhim ahamiyatga ega, – deydi shifokor Lola Qodirova. – Suv sporti bolalarda ko‘p uchraydigan raxit, skolioz va serebral falaj xastaliklarining oldini olish va asoratlarini davolash, tanada qon aylanishi va mushaklar faoliyatini yaxshilash, asab tizimi, nafas yo‘llari kasalliklari profilaktikasida foydali. Suzish bilan shug‘ullanish bolaning suyak to‘qimalari o‘sishi va mustahkamlanishiga sharoit yaratib, immun tizimi, uyqu va ishtaha yaxshilanishi, ortiqcha vazndan xalos bo‘lishida qo‘l keladi.
Vaterpol va suzish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari mazkur majmuada o‘z mashg‘ulotlarini o‘tkazadi. Markazda suzish sportini izchil rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘g‘il-qizlarni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, ularning turli musobaqalarda munosib qatnashishi va o‘z iqtidorini namoyon etishiga xizmat qilayotir.
Suv saroyi qoshida ochilgan maxsus suzish guruhi havaskor o‘g‘il-qizlarni professional sportchi darajasiga ko‘tarilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Suzish bo‘yicha o‘tkazilgan shahar, mamlakat birinchiliklarida mazkur majmua tarbiyalanuvchilari sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, erta yoshdan boshlab sport bilan muntazam shug‘ullanadigan bolalar jismonan sog‘lom, baquvvat bo‘lib voyaga yetadi. Sport bilan do‘st bo‘lish bolaning o‘z ustida ishlashi, xarakterining toblanishi, mustahkam irodaga ega bo‘lishi uchun puxta zamin yaratadi.