Suv xo‘jaligidagi hamkorlikning yangi istiqbollari
Bugungi kunda suv resurslaridan oqilona foydalanish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish va iqlim o‘zgarishi sharoitida suv xavfsizligini ta’minlash dunyo miqyosidagi dolzarb masalalardan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi yetakchi o‘rin tutadigan O‘zbekiston uchun suv xo‘jaligi sohasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish strategik ahamiyat kasb etadi. Bu yo‘nalishda xalqaro moliya institutlari bilan samarali hamkorlik muhim o‘rin tutmoqda.
Ana shunday ishonchli hamkorlardan biri Osiyo taraqqiyot banki hisoblanadi. Nufuzli xalqaro mintaqaviy moliya muassasasi bo‘lgan mazkur bank bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik 1995-yilda, mamlakatimiz OTBga a’zo bo‘lganidan so‘ng yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘tgan yillar davomida suv xo‘jaligi, irrigatsiya, energetika va infratuzilma sohalarida qator yirik loyihalar amalga oshirilib, ular mamlakat iqtisodiyoti va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilib kelmoqda.
Suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilgan muhim loyihalardan biri “Amu-Buxoro irrigatsiya tizimini qayta tiklash” loyihasidir. Ushbu loyiha doirasida Buxoro viloyati hamda Navoiy viloyatining Karmana va Qiziltepa tumanlarini suv bilan ta’minlaydigan “Amu-Buxoro-I” nasos stansiyasi to‘liq yangidan qurildi.

Umumiy qiymati 82 million 960 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan mazkur inshoot zamonaviy texnologiyalar asosida barpo etildi. Nasos stansiyasiga har biri soniyasiga 11,25 kub metr suv chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan 8 ta yuqori unumli nasos agregati o‘rnatildi. Natijada stansiyaning umumiy suv chiqarish hajmi soniyasiga 90 kub metrga yetkazildi.
Loyiha doirasida faqat “Amu-Buxoro-I” nasos stansiyasi emas, balki Kogon tumanida joylashgan, suv chiqarish hajmi soniyasiga 114 kub metr bo‘lgan “Quyimozor” nasos stansiyasi hamda Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi, soniyasiga 125 kub metr suv uzatish imkoniyatiga ega “Qiziltepa” nasos stansiyasi ham to‘liq modernizatsiya va rekonstruksiya qilindi.
Prezidentimizning 2022-yil 27-sentabrdagi “Orolbo‘yi havzasida suv resurslarini iqlim o‘zgarishiga mos holda boshqarish” loyihasini Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi. Mazkur qaror asosida 2022–2029-yillarga mo‘ljallangan yirik loyiha amalga oshirilmoqda.
Umumiy qiymati 194,9 million AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarini qamrab olgan bo‘lib, asosiy maqsad suv resurslarini iqlim o‘zgarishi sharoitida samarali boshqarish, suv yo‘qotilishini kamaytirish va irrigatsiya infratuzilmasini yaxshilashdan iborat.
Buxoro viloyatida loyiha doirasida amalga oshirilayotgan muhim ishlardan biri — “Jondor” magistral kanalini rekonstruksiya qilish hisoblanadi. Ushbu kanalning umumiy uzunligi 84 kilometr bo‘lib, suv o‘tkazish qobiliyati soniyasiga 55 kub metrni tashkil etadi.

— “Jondor” magistral kanali Olot, Qorako‘l, Buxoro va Jondor tumanlaridagi 44,1 ming gektar ekin maydonlarini suv bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega, — deydi Amu-Buxoro irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi matbuot kotibi Hamro Akiyev. — Shuningdek, u 600 mingdan ortiq aholi tomorqalari hamda hududdagi sanoat korxonalarining asosiy suv manbai hisoblanadi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 1-may holatiga ko‘ra, kanaldagi inshootlarni qayta tiklash ishlari izchil davom etmoqda. Jumladan, 82,7 kilometr qismida tuproq ishlari, 21,2 kilometr qismida esa betonlashtirish ishlari to‘liq yakunlangan.
Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar nafaqat suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish, balki aholi turmush darajasini yaxshilash, ekologik barqarorlikni ta’minlash va mamlakat iqtisodiy taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA