Suv xo‘jaligi vaziridan xayrli tashabbus
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri tashabbusi bilan Sirdaryo viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish hashari tashkil etildi. Erta tongdan vodiy viloyatlarining 100 nafardan ko‘proq suvchi xodimlari o‘zlari bilan birgalikda 10 000 tupdan, jami 30 000 tup, Jizzax viloyatidan Janubiy Mirzacho‘l magistral kanali hamda Sirdaryo-Zarafshon ITHB huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasining 100 nafar hasharchilari 10 000 tup manzarali daraxt ko‘chatlari bilan Sirdaryo viloyatiga yetib keldi.
Noqulay ob-havoning injiqliklariga qaramasdan fidoiy suvchilar Sayxunobod va Mirzaobod hududlarida ulkan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini boshlab yubordi. Kanal va zovurlarning muhofaza maydonlari begona o‘tlar va chiqindilardan tozalanib, belgilangan reja asosida manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazib, so‘ngra oqlab chiqildi. Hashar tadbiriga jalb qilingan 2 dona ekskavator kanal va zovurlarda tozalash ishlarini bajarib, suv o‘tkazish quvvatini yanada yaxshilashga hissa qo‘shdi.


– Vazirimiz tashabbusi bilan vodiy viloyatlari va jizzaxlik hamkasblarimizning viloyatimizga tashrifi biz sirdaryolik suvchilarni behad ruhlantirib yubordi, – deydi Quyi Sirdaryo ITHB boshlig‘i Shavkat Israilov. – Hasharchilar bilan birgalikda viloyatning 400 nafar suvchi xodimlari ham ko‘chat o‘tqazish ishlarida faol ishtirok etdi.
Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish borasidagi hashar ishlari davom etmoqda.


Sh.Suyarov,O‘zA