Suv tejashning ilg‘or tajribalari taqdim etildi
Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligida suvni tejash, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish va resurslardan samarali foydalanishga qaratilgan respublika miqyosidagi amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda suv tejovchi texnologiyalarning samarasi, ulardan foydalanish imkoniyatlari va uchraydigan muammolar muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, oxirgi besh yilda viloyatda 204 ming gektarda ushbu texnologiyalar joriy etilgan.
Seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Shuhrat G‘aniyev rahbarligida Sirdaryo Savdo-sanoat palatasi binosida tashkil etildi. Unda respublika darajasidagi vazirlik va idoralar, shu jumladan Bosh prokuror o‘rinbosari, IIV va Suv xo‘jaligi vazirliklari rahbarlari, viloyat sektori xodimlari, tijorat banklari, qishloq xo‘jaligi tashkilotlari, fermer xo‘jaliklari va qurilish–pudrat kompaniyalaridan 500 nafarga yaqin mutaxassis ishtirok etdi.

Seminarning asosiy maqsadi suvni tejashda faqat texnika va jihozlarni o‘rnatish bilan cheklanmasdan, ulardan samarali foydalanish bo‘yicha amaliyot ko‘nikmalarini oshirish edi.
Ishtirokchilarga suv tejovchi texnologiyalarning iqtisodiy samarasi, ularga berilgan imtiyozlar, sug‘orishdagi isrofni kamaytirish usullari hamda “Kavsar” sug‘orish tizimining texnik imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tadbirda ta’kidlanishicha, suv resurslarining kamayishi, iqlim o‘zgarishi va yog‘ingarchilikning qisqarishi suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish xalqaro amaliyotda eng samarali yo‘l sifatida tan olingan.
Mamlakatimizda agrar sohani raqamlashtirish, suv sarfini aniq hisoblash va melioratsiya holatini yaxshilashga qaratilgan islohotlar fermerlar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Muhokamalarda tijorat banklari tomonidan fermer va klasterlarga ajratilayotgan imtiyozli kreditlar, loyihalarni amalga oshirishdagi amaliy ko‘mak va pudrat tashkilotlari mas’uliyati ham alohida ko‘rib chiqildi.

Tahlillar suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanilgan maydonlarda hosildorlikning o‘sganini va suv sarfining 30–40 foizgacha kamayganini ko‘rsatdi.

Seminar yakunida suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini yanada ommalashtirish, fermerlar uchun o‘quv-treninglar tashkil etish va joylarda texnik xizmat sifati hamda samaradorligini oshirish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
G‘ulom Primov, O‘zA