Suv taʼminoti yana-da yaxshilanadi
Mavjud 4 ta yirik ichimlik suvi olish inshootlarining loyihaviy quvvati bir kecha-kunduzda 250 ming m3ni tashkil qiladi. Amalda esa 170 ming m3 (68,0 %) quvvat bilan ishlamoqda.
Buxoro viloyati aholisiga 4 ta yirik ichimlik suvi olish inshootlari “Quyimozor” suv ombori, “Joʻyzar” kanali “Zarafshon suv inshooti” orqali, “Amu-Qorakoʻl” kanali, “Damxoʻja” mintaqalararo suv quvuri va 50 ta yer osti suv inshootlari orqali markazlashgan holda ichimlik suvi yetkazib beriladi.
Mavjud 4 ta yirik ichimlik suvi olish inshootlarining loyihaviy quvvati bir kecha-kunduzda 250 ming m3ni tashkil qiladi. Amalda esa 170 ming m3 (68,0 %) quvvat bilan ishlamoqda.
Viloyatda kanalizatsiya xizmati Buxoro va Kogon shaharlari hamda Qorovulbozor tumani markazida mavjud boʻlib, bu viloyatdagi jami 1916 ming nafar aholidan 174,9 ming nafarini, yaʼni 9,1 foizini qamrab olgan. Mavjud 208,7 kilometr kanalizatsiya tarmoqlaridan 104,5 kilometr qismi (50 %) va 23 ta oqava inshootlaridan 11 tasi taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-avgustdagi “Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki ishtirokida “Buxoro viloyatining suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida loyihaning umumiy qiymati 437,62 million AQSH dollari etib belgilangan. Loyihaning 385,12 million AQSH dollarini Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki qarzi va 52,5 million AQSH dollarini Oʻzbekiston Respublikasining hissasi – soliq va bojxona imtiyozlari berish tarzida qoplash koʻrsatib oʻtilgan.
Loyiha 2 ta yoʻnalishda 2020-2023-yillarda amalga oshiriladi. Birinchi yoʻnalish boʻyicha Buxoro va Kogon shaharlari, Buxoro, Kogon, Romitan, Jondor, Peshkoʻ va Qorovulbozor tumanlarini ichimlik suvi bilan hamda Gʻijduvon, Romitan, Olot, Qorakoʻl va Qorovulbozor tumanlari markazlarini oqava tizimi bilan taʼminlash rejalashtirilgan. Ikkinchi yoʻnalishda Vobkent, Shofirkon va Gʻijduvon tumanlarini ichimlik suvi hamda Peshkoʻ, Vobkent, Jondor, Shofirkon, Kogon, Buxoro tumanlari markazini, shuningdek, Buxoro va Kogon shaharlarini oqava tizimlari bilan taʼminlash nazarda tutilgan.
Suv taʼminoti boʻyicha loyiha doirasida “Quyimozor” yer usti suv ombori va “Ibn-Sino” nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish, “Shoxrud” suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilish (quvvati bir kecha-kunduzda 200 ming m3), “Ibn-Sino” nasos stansiyasidan “Shohrud” suv tozalash inshootigacha boʻlgan suv quvurining birinchi va ikkinchi liniyalarini rekonstruksiya qilish hamda uchinchi liniyasini qurish, filtr stansiyalari va laboratoriya binolarini qurish va rekonstruksiya qilish, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini barpo etishdan iborat.
Oqava suv tizimi boʻyicha Gʻijduvon tumani markazida quvvati bir kecha kunduzda 9,3 ming m3, Romitan tumani markazida 5 ming m3, Qorakoʻl tumani markazida 5,2 ming m3, Olot tumani markazida 3,7 ming m3, Qorovulbozor tumani markazida 2,1 ming m3 quvvatga ega boʻlgan oqava suv tozalash stansiyalarini qurish, Gʻijduvon, Romitan, Qorakoʻl, Olot, Qorovulbozor tumanlari markazlarida oqava suv kollektorlari (jami 612,0 kilometr) va oqava suv tarmoqlarini (jami 974,2 kilometr) qurish rejalashtirilgan.