Suv sohasidagi savodxonlikning sarhisobi
Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi tomonidan Yevropa Ittifoqi koʻmagi ostida amalga oshirilgan UzWaterAware loyihasi boʻyicha hal etilayotgan ishlar tahsinga loyiq.
Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi tomonidan Yevropa Ittifoqi koʻmagi ostida amalga oshirilgan UzWaterAware loyihasi boʻyicha hal etilayotgan ishlar tahsinga loyiq.
UzWaterAware loyihasi toʻliq holda “Oʻzbekistonda suv va ekologiyani barqaror rivojlantirish boʻyicha xabardorlikni oshirish va hamkorlik” deb nomlanadi. Loyihaning poytaxtimizda 2020-yilning 28 va 30-oktyabr kunlarida yakuniy va hisobot dasturlari boʻlib oʻtayotgani quvonarlidir. Asosiy maqsad UzWaterAware loyihasi suv boʻyicha savodxonlikni oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijalarini sarhisob qilishdir. Yevropa Ittifoqining yirik loyihasi — “Oʻzbekistonning qishloq joylarida suvni barqaror boshqarish" dasturining 3-komponenti, yaʼni bir qismi hisoblanadi, uning milliy hamkori — Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligidir. Loyiha boʻyicha faoliyat 2016-yilning noyabr oyidan 2020-yilning noyabr oyiga qadar mamlakatimizning 9 ta viloyati va Toshkent shahrida amalga oshirildi.
Aholi keng qatlamlarining iqlim oʻzgarishi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishning ahamiyati haqida xabardorlik va bilim darajasini oshirish, shuningdek, vazirliklar va ularning matbuot xizmatlari, NNT, yoshlar tashkilotlari hamda OAV bilan hamkorlikni va oʻzaro aloqalarni mustahkamlash kabilar loyihaning asosiy maqsadlari tarkibiga kiradi.
Loyihaning natijalarini sarhisob qilish va erishilgan yutuqlarni muhokama qilish uchun xalqaro va davlat tashkilotlari vakillari, shuningdek, bevosita faol hamkorlar va loyiha ishtirokchilari – nodavlat tashkilotlar vakillari, ekspertlar, jurnalistlar ishtirok etishdi.
Asosiy yakuniy tadbirni OʻzR Suv xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari (loyihaning milliy hamkori) Akmal Mirzayev, YEIning Oʻzbekistondagi delegatsiyasi hamkorlik boʻlimi boshligʻi Fransua Bejo, MOMEM Ijrochi direktori Zafar Mahmudov, “Suvchi” NNT direktori (loyihaning hamijrochisi) Toxir Majidov, shuningdek, YEIning yuqorida keltirilgan Dasturining boshqa komponentlari menejerlari d-r Karolina Milov (1-komponent, GIZ) va Ulugʻbek Islomov (2-komponent, BMT TR) ochib berishdi.
“3-komponent doirasida Suv xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmatining Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi, nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik rishtalari mustahkamlandi. Bu hamkorlik suv xoʻjaligi sohasida davlat siyosatini amalga oshirilishi toʻgʻrisida aholining xabardorligini va bilimlarini oshirish yoʻlida birgalikda saʼy-harakatlar olib borish imkonini berdi. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi kelgusida xuddi shu kabi loyihalarni amalga oshirish uchun hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildiradi”, - deydi vazir oʻrinbosari Akmal Mirzayev.
– Yevropa Ittifoqi suv resurslarini Markaziy Osiyo mintaqasini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashning asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilagan. Tegishli vazirliklarning matbuot xizmatlari, OAV va NNT oʻrtasida yaratilgan keng hamkorlik tarmogʻi “Oʻzbekistonning qishloq joylarida suv resurslarini barqaror boshqarish” dasturi doirasidan tashqarida ham oʻzaro hamkorlikni davom ettirishiga chin dildan umid qilib qolaman, – deydi Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistondagi Delegatsiyasining hamkorlik boʻlimi boshligʻi Fransua Bejo. – Ishonchim komilki, aholi uchun suvni tejash amaliyotlari singari dadil choralarni hozirdanoq koʻrsak, kelajakda yoʻlimizda koʻndalang turishi mumkin boʻlgan oldindan taxmin qilinadigan muammolarni chetlab oʻta olamiz. Shu maqsadda biz suv resurslarini boshqarish va tabiiy. resurslardan barqaror foydalanish usullarini yana-da takomillashtirish boʻyicha Oʻzbekiston hukumati bilan birgalikdagi saʼy-harakatlarimizni davom ettiramiz.
30-oktyabr kungi tadbirlar norasmiy yoʻsinda oʻtkaziladi, loyihaning faol ishtirokchilari — hamkor NNTlar, jurnalistlar, ekspertlar hamda suv-ekologiya sohasidagi idoralar matbuot xizmatlari vakillari jamlanadi.
– Hamkor NNTlar, jurnalistlar va koʻplab tadbirlarimizning ishtirokchilari bir necha marotaba taʼkidlaganidek, UzWaterAware haqiqatan ham noodatiy, yorqin hamda koʻp jihatdan pozitiv-eksperimental loyihaga aylandi, – deya taʼkidlaydi loyiha menejeri, MOMEMning Oʻzbekistondagi filiali direktori Shahnoza Umarova. – Loyiha nostandart yondoshuvlarni va suv-ekologiya toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni turli tadbirlar orqali, shu jumladan, maqsadli auditoriya uchun tushunarli shaklda tayyorlangan “bilim mahsulotlarini qiziqarli qilib yetkazib berish mumkinligini dadil namoyon etdi. Chunki suv mavzusi, ayniqsa, suv resurslaridan oqilona foydalanish mavzusi yoshimiz, faoliyat sohamiz va qiziqishlarimizdan qatʼiy nazar har birimizga taalluqlidir. Ayniqsa, suv resurslari nisbatan cheklangan hududda yashayotganimizni inobatga oladigan boʻlsak, bu ayniqsa dolzarb masala. Agar umumiy yechimlar haqida hozir oʻylamasak, kelgusida bizlarni umumiy muammolar kutishi muqarrardir. Aynan shular – muammolar va yechimlar haqida – koʻplab suv tejash mavzusiga bagʻishlab oʻtkazilgan eko-marafonlar va eko-darslar, treninglar, mahorat-darslari, respublikamiz viloyatlari hamda Yevropa mamlakatlari – Ispaniya va Germaniyaga uyushtirilgan sayyor demo- hamda stadi-safarlar doirasida UzWaterAware loyihasi oʻz hamkorlari bilan birgalikda soʻzlab berib, ularni namoyish qilishdi”.
"BILIM MAHSULOTLARI” — UzWaterAware loyihasi maqsadlarining barqarorligi nishonasi. Oʻz ishini tugallaganidan keyin UzWaterAware loyihasi keng qamrovda va bepul tarqatish uchun maxsus ishlab chiqilgan “bilim mahsullari”ni eʼtiboringizga havola qilaylik.
– suv haqidagi 5 ta animatsion rolik, suv-ekologiya darsini oʻtkazish uchun tayyor qoʻllanma formatida yaratilgan (rus, oʻzbek va ingliz tillarida). Ularni YouTube dagi UzWaterAware Project kanali hamda mazkur roliklarni eʼlon qilgan Internet-OAV va hamkorlarning saytlaridan yuklab olish yoki koʻrish mumkin;
– 1 ta taʼlim onlayn-platformasi: www.uzwateraware.uz, unda “Barqaror rivojlanish maqsadida suvdan oqilona foydalanish masalalarini yoritish” mavzusidagi bilim beruvchi onlayn kurs joylashtirilgan (ZJRM bilan hamkorlikda talabalar, yosh jurnalistlar va suv hamda ekologiya masalalarini yoritishga qiziqqanlarning barchasi uchun moʻljallangan (kontent oʻzbek va rus tillarida);
– suv haqida 2 ta yorqin bezakli kitob elektron formatda: “Bebaho suv haqida qimmatli bilimlar” bolalar kitobi (oʻzbek, rus va qoraqalpoq tillarida), hamda kitobxonlarning keng koʻlami uchun moʻljallangan “Suv yoʻli” kitobi (rus va oʻzbek tillarida). Ularni www.carececo.org saytida koʻrish va yuklab olish mumkin.
Loyiha hammuallifi “Suvchi” NNTning ishi oltita viloyatga yoʻnaltirilgan edi, bular: Fargʻona, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazm viloyatlari, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi. Loyihani amalga oshirish jarayonida 2017-yildan boshlab “Suvchi” NNT maxsus ishlab chiqilgan va tayyorlangan axborot taqdimotlari va materiallaridan foydalangan holda, 4300 dan ortiq qatnashchi uchun aholi bilan suv va ekologiya masalalari boʻyicha seminarlar, OAV va yoshlar bilan tematik davra suhbatlari, jurnalistlar, NNT vakillari va mahalliy mutaxassislar uchun treninglar, bolalar uchun interaktiv tadbirlar, suv xoʻjaligi obyektlariga media-safarlar tashkil etdi va oʻtkazdi. “Suvchi” NNT faoliyati tufayli 300 dan ortiq jurnalistik asarlar viloyatlar nashrlari va televideniyeda tayyorlandi.
Shuningdek, UzWaterAware loyihasi doirasida hamkor NNTlar quyidagilarni tayyorladilar:
- OAV va NNT uchun uslubiy qoʻllanmalar (JTM va BORDA (Germaniya) uchta tilda ishlab chiqildi);
- oʻqituvchilar uchun oʻquv qoʻllanma va bolalar uchun oʻquv materiallari (“Ekomaktab” NNT tomonidan rus va oʻzbek tillarida ishlab chiqilgan);
- suv-ekologiya onlayn viktorinasi kontenti, 36 ta savol-javobdan iborat (Potrebitel.uz Facebook platformasi tomonidan ishlab chiqilgan).
Aka-uka Hasan va Husanlarning oilalari UzWaterAware loyihasining qahramonlariga aylanishdi. Oilalarning biri suvni tejash va hurmat qilish kerakligini biladi va shunday qiladi ham. Ikkinchisi esa bu haqda shunchaki biladi, lekin uni asramaydi. Loyihaning shiori va xeshteglari sifatida suvga tejamkorona va aynan hurmat bilan munosabatda boʻlish tuygʻusini tarbiyalashga qaratilgan “suvni hurmatlang – uvajayte vodu – respect water” birikmasi tanlandi, axir suvsiz hayot ham boʻlmasdi. Loyiha xeshteglari: #suvnihurmatlang, #uvajaytevodu, #respectwater.
Rahimboy JUMANIYOZOV,
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini
mexanizatsiyalash muhandislari nstituti
matbuot xizmati rahbari.