Suv sarfining oldini olishda yangi texnologiya
Jizzax viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasida suv resurslarini muhofaza qilish va tejash maqsadida “Suv tizimlarini loyihalashda shimilish sarfini kamaytirish texnologiyalari” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda Jizzax viloyati hokimligi, MDH davlatlari bo‘yicha Buyuk Britaniyaning “United Concrete Canvas”, Rossiyaning “Rosdiler” kompaniyalari vakillari, pudratchi hamda loyihachi tashkilotlar, “Sirdaryo – Zarafshon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi (ITHB), “Jizzaxsuvqurilishinvest” DM mutaxassislari ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari, ayniqsa, O‘zbekistonda suv tanqisligi yaqqol sezilmoqda. Natijada hududlarning cho‘llanishi kabi salbiy holatlar kuzatilayotir. Ushbu ekologik xavfni bartaraf etish chora-tadbirlarini ko‘rish, suv resurslaridan foydalanishni boshqarish zarurati tug‘ilmoqda. Shuningdek, suv uzatish inshootlari eskirgani tufayli ularni qurish va rekonstruksiya qilish kerak.
Buyuk Britaniyaning “United Concrete Canvas” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan suv sarf bo‘lishining oldini oladigan va tejaydigan qurilish vositalari suv resurslarini tiklash, irrigatsiya tizimini modernizatsiya qilishda muhim ahamiyatga ega.
– Kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan beton qoplamalar sohada yangilikdir, – deydi “United Concrete Canvas” kompaniyasining Buyuk Britaniyadan kelgan vakili janob Yan Uoltong. – Beton qoplama ishlab chiqarish texnologiyasi yangi innovatsion materiallar ishlab chiqarish toifasiga kiradi. Beton qoplamani kanallarga taxlash tezligi kanallarga beton quyish tezligidan 10 marta tez. Bu ishni yomg‘ir yog‘ayotgan paytda, suv ichida ham amalga oshirish mumkin. Ushbu beton qoplamani aytilgan joyga ixcham rulon shaklida yetkazib berish mumkin. Shu sababli, beton qoplamaning taxlash (montaj) ishlariga jalb qilinadigan texnika va uskunalar soni keskin kamayadi. Bundan tashqari, rulon shaklidagi beton qoplamani qo‘lda yoyish mumkin, bu o‘z navbatida texnika borishi murakkab bo‘lgan joylarni ham beton qoplama bilan ta’minlash imkonini beradi.
– Ushbu beton qoplama 50 yil xizmat qilishi mumkin, – deydi “Rosdiller” kompaniyasi ta’sischisi va bosh direktori Rahmatilla Qayumov. – Qoplama ko‘p qirrali qurilish materiali hisoblanadi va uni har qanday gorizontal, vertikal sirtga, sathga taxlash mumkin. Ayni paytda, mazkur beton qoplama, neftgaz, avtomobil va temir yo‘llar qurilishida va boshqa ko‘plab sohalarda qo‘llanilmoqda.
– Mazkur mahsulot 5, 8 va 13 millimetr (markasi mos ravishda SS5, SS8 i SS13) qalinlikda ishlab chiqariladi, – deydi MDH davlatlari bo‘yicha “United Concrete Canvas” kompaniyasi bosh direktori janob Ildar Yamaliyev. – Ushbu material katta va kichkina shaklda ishlab chiqarilib, ushbu parametrlar kanalning uzunligi, eni, chuqurligiga bog‘liqdir.
Ma’lumot uchun, ushbu beton qoplamadan foydalaniladigan qurilish ishlariga o‘zbekistonlik yoshlar tanlab olinadi. Ular Buyuk Britaniyaning “United Concrete Canvas” kompaniyasi mutaxassislari tomonidan o‘qitilib, ustalikka tayyorlanadi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA