Suv resurslarini boshqarish takomillashmoqda
Suv xo‘jaligi vazirligida suv resurslari, suv ta’minoti va sanitariya tarmoqlararo ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zsuvta’minot” AJ mutasaddilari, tarmoqlararo ishchi guruhi a’zolari, manfaatdor vazirlik va idoralar, Shveysariya elchixonasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda boshqa donor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda suv resurslari, suv ta’minoti va sanitariya tarmoqlararo ishchi guruhining 2023 yildagi ish rejasi hamda samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlari muhokama qilindi. 2024-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirish strategiyasi loyihasini ishlab chiqish haqida ham so‘z yuritildi.
2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi maqsadlariga uyg‘un tarzda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy vositalaridan biri – xalqaro donorlar va rivojlanish bo‘yicha sheriklar bilan muvofiqlashtirilgan hamkorlikni tashkil etishga qaratilgan “Mamlakat platformasi” mexanizmidir.

“Mamlakat platformasi” O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi tomonidan 2023 yilda kotibiyat funksiyasini bajaruvchi Jahon banki bilan hamkorlikda muvofiqlashtiriladi. Joriy yilning yanvar oyida o‘tkazilgan “Mamlakat platformasi”ning birinchi yig‘ilishida tomonlar soha vazirliklari va idoralari, shuningdek, donorlar hamda rivojlanish bo‘yicha sheriklardan iborat 12 ta ishchi guruhini tashkil etish masalalarini kelishgan edi. Shulardan biri suv resurslari, suv ta’minoti va sanitariya tarmoqlararo ishchi guruhi hisoblanadi.
Yig‘ilishda “O‘zsuvta’minot” AJ va Suv xo‘jaligi vazirligining taqdimotlari o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi tasdiqlangan bo‘lib, unda belgilangan vazifalar amalga oshirilmoqda. Soha oldida 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan strategiyani ishlab chiqish vazifasi turibdi.

– O‘zbekistonda yer osti, yer usti suvlari, ichimlik va irrigatsiya suvlaridan samarali foydalanish bo‘yicha harakatlarni birlashtirish maqsadga muvofiq. Bu borada integratsiyalashgan suv resurslarini boshqarish tajribasini qo‘llash foyda beradi, – dedi Shveysariya elchixonasining hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Raxel Bosh xonim.
Yig‘ilishda tomonlar aynan shu masalalar yuzasidan qarashlarini bildirib o‘tdi.
Nilufar Bozorova, O‘zA