Suv resurslarini boshqarish rivojlantiriladi
Suvni to‘g‘ri va tejamkorlik bilan sarflash nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda dolzarb masalaga aylangan. Chunki suv iste’moli yildan-yilga ortib bormoqda, zaxiralar esa cheksiz emas. Bularning barchasi dunyoning aksariyat mamlakatlarida suv resurslarini boshqarishga eng yangi va yuqori samara beradigan texnologiyalarni jalb etish loyihalariga alohida e’tibor qaratishni taqozo etmoqda.
Joriy yil 28 fevral kuni “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Iqlim texnologiyalari orqali suv resurslarini boshqarishni rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi
Qarorga ko‘ra, yirik suv inshootlari va magistral quvurlarga 4,8 mingta hisoblagichni hamda 2,8 mingta telemetriya tizimlarini o‘rnatish hisobiga ishlab chiqarilgan ichimlik suvining aniq hisobini yuritish, 12,7 mingta suv inshootlari hamda 80 ming kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlarining raqamli xaritasini (GIS) joriy etish orqali infratuzilmani yangilash ishlari samaradorligini oshirish nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, 5,1 million iste’molchini qamrab olgan billing tizimini takomillashtirish, suv ta’minoti korxonalari moliyaviy hisobotining xalqaro standartlariga o‘tish va konsolidatsiyalashgan hisob-kitobini yuritish hamda respublika va 14 ta hududiy suv ta’minoti korxonalarida yagona situatsion markaz tashkil etish orqali avariyalarni tezkor bartaraf qilish tizimini joriy etish loyihaning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilandi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA