Suv polosi: chempionlar Namanganda aniqlanadi
20 sentyabr kuni Namanganda suv polosi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati boshlandi.
Ushbu musobaqada 8 ta erkaklar va 6 ta ayollar jamoalari sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib bormoqda. Ayollar jamoalari davra tizimida kuch sinashayotgan bo‘lsa, erkaklar o‘rtasidagi musobaqalar 2 ta guruhda tashkil etilmoqda, deyiladi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabarida.
O‘zbekiston chempionatining ayollar o‘rtasidagi o‘yinlarida quyidagi natijalar qayd etildi: Xorazm viloyati – Toshkent shahri – 1:29, Namangan shahri – Namangan viloyat IBO‘SM – 22:1, Namangan viloyati – O‘zbekiston suzish federatsiyasi – 16:0.
O‘zbekiston chempionatining ochilish marosimida Xalqaro va Yevropa suzish federatsiyalarining suv polosi bo‘yicha texnik qo‘mitasi a’zosi, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Yevgeniy Sharonov ishtirok etib, mamlakatimizda suv polosiga berilayotgan e’tibor, yaratilayotgan sharoitlar haqida to‘xtalib, barcha jamoalarga bo‘lajak bahslarda omad tiladi.
Erkaklar jamoalari o‘rtasidagi “A” guruhi o‘yinlarida Namangan viloyati O‘zbekiston suzish federatsiyasi jamoasini 16:3 hisobida dog‘da qoldirdi. Respublika oliy sport mahorati maktabi Farg‘ona shahri o‘yinida 10:0 hisobi qayd etildi. “V” guruhida esa Toshkent shahri – Namangan viloyat IBO‘SM – 7:16, “Yoshlik” (Namangan) – Namangan shahri – 1:16 hisobida yakunlandi.
Chempionat 25 sentyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA