Suv nasoslari mavsumga tayyorlanmoqda
Jizzax bosh nasos stansiyalari boshqarmasi tasarrufidagi “Jizzax-1” nasos stansiyasida kuzgi-qishki ta’mirlash-tiklash ishlari qizg‘in pallaga kirgan. Bu yerda shoshma-shosharlikka o‘rin yo‘q: og‘ir mexanizmlar bilan ishlashda har bir harakat aniq, har bir amal esa texnika xavfsizligi talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Mutaxassislar uchun bugungi vazifa – agregatlarning texnik holatini baholash, nosozliklarni bartaraf etish va ularni kelgusi sug‘orish mavsumiga tayyorlash. Nasos stansiyasining ishonchli faoliyati, avvalo, uskunalarning qay darajada sozligiga bog‘liq. Shuning uchun elektr jihozlari va mexanik qismlar ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Bunday tayyorgarlikning ahamiyatini faqat stansiyaning o‘zi bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Nasos agregatlari barqaror ishlasa, suvni belgilangan tartibda yetkazib berish imkoniyati ortadi. Bu esa sug‘orish mavsumida suvga ehtiyoj yuqori bo‘lgan paytlarda, ayniqsa, muhim. Daladagi dehqon uchun suvning o‘z vaqtida kelishi qanday ahamiyatga ega bo‘lsa, uni yetkazib beruvchi tizimning mavsumga shayligi ham shunchalik muhimdir.

Sohadagi texnik tayyorgarlik suv resurslaridan oqilona foydalanish va nasos stansiyalarini samarali boshqarish vazifalari bilan uzviy bog‘liq. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-oktabrdagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish hamda sohaning xususiy sektor uchun jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Jizzax viloyatidagi nasos stansiyalarining 50 foizini 2026-yilda davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish belgilangan. Hujjatda suv hisobini yuritish, suv resurslarini samarali boshqarish va suv xo‘jaligi ob’ektlarini texnik jihatdan soz holda saqlashga doir vazifalar ham nazarda tutilgan.

Bu talablar sohadagi har bir ob’ektning holatiga mas’uliyat bilan yondashish, mavjud uskunalardan samarali foydalanish va ta’mirlash ishlarini o‘z vaqtida bajarish zaruratini yanada oshiradi. “Jizzax-1” nasos stansiyasidagi kuzgi-qishki ishlar ham ana shu maqsadga – kelgusi mavsumda suv yetkazib berish barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Sexda bugun bajarilayotgan ishning natijasi mavsum boshlanganda namoyon bo‘ladi. Zero, suv yo‘lidagi uzluksizlik faqat suvning mavjudligiga emas, uni yetkazib beruvchi texnik tizimning ishonchliligiga ham bog‘liq.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri