Surxondaryoliklar hasharda faol ishtirok etmoqda
Surxondaryo viloyatida "Mahalla obod – yurt obod" shiori ostida ikki kunlik umumxalq xayriya hashari uyushqoqlik bilan ko‘tarinki ruxda o‘tmoqda.
Mustaqilligimizning 33 yillik bayramini shodu xurramlik bilan kutib olishga puhta hozirlik ko‘rilayotgan shu kunlarda tashkil etilgan hashar ham ko‘p millatli xalqimizga xos do‘stlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat va saranjom-sarishtalik kabi ezgu fazilatlarimizni keng namoyon etayotir. Mahalla, ko‘cha va xiyobonlar, ko‘p qavatli uylar atrofi, guzarlar, tashkilot, korxona va muassasalar tartibga keltirilib, ariq va lotoklar chiqindilardan tozalanmoqda. Daraxtlarga shakl berilib, oqlanayotir. 595 qabriston va o‘ttizdan ortiq ziyoratgoh obodonlashtirilmoqda.


Hasharda 700 mingga yaqin kishi ishtirok etmoqda. Ularning qariyb 400 ming nafari yoshlardir. Shijoatkor yigit-qizlar mahallalardagi yolg‘iz keksalar va yordamga muhtoj oilalarning xonadonlarida bo‘lib, tevarak-atrofini tartibga keltirmoqda. Obodonlashtirish yumushlarini amalga oshirib, uy-joylarini ta’mirlab berayotir. Jumladan, xayriya hasharining dastlabki kunida Angor tumanidagi Do‘stlik mahallasida yashaydigan yolg‘iz qariya Jumamurod Ibragimov va Norgul Amirqulovalar xonadonida ham yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi xodimlari, mahallalardagi yoshlar yetakchilari faol yigit-qizlar bilan hashar uyushtirib, turarjoylarda yirik hajmdagi obodonlashtirish, ta’mirlash va oqlash ishlarini amalga oshirishdi. Hovlisini tartibga keltirib, daraxtlarni butadi. Tomorqalarni tekislab berdi.


Ma’lumotlarga ko‘ra, hashar kunlari 900 gektar maydon obodonlashtirilib, ming tonnadan ortiq maishiy va qurilish chiqindilari olib chiqiladi. Yuz kilometrdan ziyod ariq, lotok va zovurlar tozalanadi. Joylarda chiqindilarni yuklash va tashish uchun 400 dan ortiq texnika jalb etilgan.

Viloyatda hashar qizg‘in davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri