Surxondaryoliklar giyohvandlikka qarshiligini namoyon etmoqda
Surxondaryo viloyatida mamlakatimizda 1-oktabrdan 1-noyabrgacha o‘tkazilayotgan “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish” kompleks tezkor profilaktik tadbirining uchinchi bosqichi doirasida aholi, jumladan, voyaga yetmaganlar, yigit-qizlar o‘rtasida giyohvandlik va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish, ularga qarshi kurashish, turli zararli odatlardan asrab, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlar yuqori saviyada tashkil etilmoqda.
Ichki ishlar organlari, sport, ta’lim, madaniyat va boshqa aloqador tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilayotgan oylikda yoshlarning ongi va dunyoqarashida giyohvandlik hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarga qarshi mustahkam ma’naviy immunitetni shakllantirish uchun joylarda giyohvandlikning jiddiy salbiy oqibatlari haqida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Yoshlar e’tiborini tortadigan sport musobaqalari, uchrashuv va davra suhbatlari, boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilib, sog‘lom turmush tarzi keng targ‘ib qilinmoqda.
Sayyoramizda narkojinoyatchilik va giyohvandlik xatarli illatlardan biriga aylanib, xavfsizlik va barqarorlikka jiddiy tahdid solmoqda. Yoshlar o‘rtasida turli narkotiklar iste’moli odat tusiga kirayotgani yoki ularning narkojinoyatlarga aralashib qolishi ortib borayotgani jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Bunday holatlar mamlakatimizda ham aholi, ayniqsa, yoshlar davrasida tarbiyaviy, tushuntirish va birlamchi profilaktik tadbirlar o‘tkazib borishni taqozo etayotir.

Prezidentimizning 2025-yil 3-noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini oshirib, narkovaziyatni barqarorlashtirish va narkotahdidlarga qarshi kurashishda muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur hujjat bilan “Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi” tasdiqlanib, amalga oshiriladigan aniq vazifalar belgilab berildi. Shunga muvofiq mamlakatimizning janubdagi viloyatida ham keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish uchun tadbirning uchinchi bosqichi o‘tgan davrida viloyatda 21 ta narkojinoyat aniqlandi. Ularning 3 tasi saqlash, 12 tasi o‘tkazish, 5 tasi kontrabanda va bittasi yetishtirish bilan bog‘liq holat bo‘lib, narkojinoyatchilardan 51 kilogramm 473 gramm giyohvandlik moddasi ashyoviy daliliy ashyo sifatida olindi.

– Shuningdek, joylarda “Biz giyohvandlikka qarshimiz!” shiori ostida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari, podpolkovnik Farhod Toshboyev. – Tuman, shahar markazlari, mahallalar, ta’lim muassasalarida tashkil etilayotgan qiziqarli sport bellashuvlari, piyoda yurish marafonlari va boshqa yoshlar e’tiborini tortadigan tadbirlarda bu illatning salbiy oqibatlarini tushuntirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yoshlar sog‘lom hayotga da’vat etilayotir.

Boysun tumanidagi “Alpomish” sport o‘yingohida “Biz giyohvandlikka qarshimiz!” shiori ostida uyushtirilgan 5000 qadam piyoda yurish marafonida sportsevar yoshlar, nuroniylar, xotin-qizlar, keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etib, sog‘lom hayot sari tashlangan har bir qadam inson salomatligi va farovonligining muhim omili ekanini keng namoyon etdi. Badantarbiya mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanib, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish, ommaviy sportni rivojlantirish va kelajagimiz egalarini salbiy illatlardan asrash, ularda zararli odatlarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga chaqirdi.

Termiz davlat muhandislik va agotexnologiyalar universitetida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida yoshlar o‘rtasida giyohvandlikning oldini olib, zararli illatlarga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. Giyohvandlikning inson salomatligi va kelajagiga salbiy ta’siri, ayanchli oqibatlari, yoshlarni ushbu illatdan asrashda profilaktik tadbirlarning ahamiyati haqida atroflicha fikr almashildi.

Viloyatda yoshlar orasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri